Yaponiya bir qator mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston kompaniyalariga nisbatan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tgani uchun sanksiyalar joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda hukumat bosh kotibi Yosimasu Xayasiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Tokiodagi matbuot anjumanida amaldor ilgari kiritilgan cheklovchi choralardan qochishga “qat'iy munosabat bildirish” zarurligini ta’kidladi.

13-iyun kuni Italiyada boshlangan G7 sammitida Yaponiya tomoni uchinchi davlat kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etish rejasini e’lon qildi.

“Ro‘yxat Xitoy, Hindiston, BAA, O‘zbekiston, Qozog‘iston kompaniyalarini o‘z ichiga oladi”, dedi Xayasi.

“Ushbu sanksiyalar muayyan davlatlarga qarshi emas, biz ularni sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan alohida kompaniyalarga qarshi choralar sifatida ko‘ramiz”.

Vazirlar Mahkamasi hozirda yangi sanksiyalar paketi tafsilotlarini yakunlamoqda. Xayashi tez orada rasman nashr etilishi haqida ma’lum qildi.

Yaponiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, “Katta yettilik” sammiti chog‘ida bosh vazir Fumio Kisida yangi sanksiyalar paketiga uchinchi davlat kompaniyalarini kiritish niyatini bildirgan.

Cheklovlar o‘tgan oy G7 va ularning ittifoqchilari tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar majmuasining bir qismi bo‘ladi.

2023-yil dekabr oyida Yaponiya O‘zbekistonning ikki kompaniyasi — “Alfa Beta Creative” va “GFK Logistic Asia"ga nisbatan eksport cheklovlarini joriy qilgandi.

Bungacha aprel oyida ikkala kompaniya ham sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiya mudofaa sanoati uchun tovarlarni sotib olgani uchun AQSh sanksiyalariga uchragandi. Ikki oy o‘tgach, Yevropa Ittifoqi ham ularga qarshi eksport cheklovlarini joriy etdi.


Avvalroq “Spot” Yaponiya Rossiyaga 164 turdagi tovarlarni eksport qilishni taqiqlagani haqida yozgandi.

Taqiq motor moyi, litiy-ionli akkumulyatorlar va elektr asboblarni, bir qancha kimyoviy moddalar, gaz va neft uchun quvurlar hamda boshqa mahsulotlarni o‘z ichiga oladi.