Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yaqin oylarda boshlanishi mumkin, deya xabar bermoqda “Kloop” Qirg‘iziston bosh vaziri Aqilbek Japarovga tayanib.
Qirg‘iziston Jokorgu Keneshining 13-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida respublika hukumati rahbari avgust oyida uch davlat prezidentlarining uchrashuvi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, ishning rasmiy boshlanishi marosimi bo‘lib o‘tadi.
Japarovning ta’kidlashicha, o‘tgan hafta Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston transport vazirlari liniya loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolagan.
Hujjat hamkorlikning asosiy tamoyillari va mexanizmlarini, jumladan, moliyalashtirishni belgilaydi.
“Vanihoyat, mamlakatimizni yirik savdo-ishlab chiqarish markaziga aylantiruvchi loyiha amalga oshirila boshlandi”, — dedi Japarov.
6-iyun kuni O‘zbekiston Transport vazirligi rahbari Ilxom Maxkamov yaqin kelajakda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha konsessiya shartnomasi imzolanishini ma’lum qildi.
Qo‘shma korxonada Xitoy ulushi 51%ni, boshqa ishtirokchilarniki esa 24,5%ni tashkil etadi. Oktabr oyida temir yo‘lning birinchi tamal toshi qo‘yiladi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov may oyida ham xuddi shunday muddatni belgilagan edi. Uning ta’kidlashicha, bo‘lajak temir yo‘l tarmog‘i Qirg‘iziston uchun dunyoga olib boradigan “o‘z yo‘li"ga aylanadi.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi. Mayda keyingi bosqichlarni belgilovchi uch tomonlama hujjat imzolandi.
Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayevning ma’lum qilishicha, liniya davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi mumkin. Biroq O‘zbekiston Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari Jasurbek Choriyev bu variant ko‘rib chiqilmasligini bildirdi.
Choriyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha $5 mlrdga baholangan. Vazir o‘rinbosari konsorsium tuzish yoki boshqa davlatlardan investorlarni jalb etish mumkin bo‘lgan variantni qayd etdi.