Shavkat Mirziyoyev va Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol ikki davlat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi.

Prezidentlar texnologik sohalardagi hamkorlikni faol rivojlantirish bilan hamkorlikning yangi modeliga o‘tishni muhokama qildilar.

Shavkat Mirziyoyev kelasi uch yilni “yuqori texnologiyalar va innovatsion hamkorlik davri” deb e’lon qilishni taklif qildi.

O‘zbekistonda Koreya hamkorligida mintaqaviy texnologik xab yaratish bo‘yicha strategik dastur yaratiladi.

Shuningdek, tomonlar hamkorlikning bir qancha ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Birinchi: o‘ta muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik. Bu resurs bazasini chuqur qayta ishlagan holda qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini yaratishni nazarda tutadi.

Ikkinchi: Koreya bilan an’anaviy ravishda global yetakchilardan biri hisoblangan yarimo‘tkazgichlar sohasida strategik hamkorlik. Bu borada mamlakatda mintaqada birinchi yaxlit ilmiy-ishlab chiqarish klasterini barpo etish rejalashtirilgan.

Uchinchi: kimyo sanoatida keng ko‘lamli hamkorlik. “Yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor rezin-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar tayyorlangan.

To‘rtinchi: mashinasozlikda kooperatsiyani chuqurlashtirish. Joriy yil bahorida Jizzax viloyatida “KIA” avtomobillarini yig‘ish liniyasini ishga tushirildi. Kelgusi yilda yiliga 60 mingdan ortiq sedan ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.

Beshinchi: “Aqlli” qishloq xo‘jaligini yaratishga texnologiyalarni jalb qilish, shu jumladan, agrar tarmoqni raqamlashtirish, “aqlli” va “yashil” texnologiyalarni joriy etish.

Oltinchi: Infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharsozlik dasturi. Koreya banklari va kompaniyalarining transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida turar-joy va tijorat obyektlarini loyihalashtirish va qurish.

Yettinchi: Zamonaviy va xavfsiz energetika. “Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish sohasida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish.

Muzokaralar chog‘ida kattalar uchun shifoxona va onkologik klinikani o‘z ichiga olgan tibbiy klaster loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Koreyaning ixtisoslashtirilgan markazlarida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishga tushiriladi.

Koreya Davlat boshqaruvi instituti va Milliy inson resurslari instituti bilan hamkorlikda Toshkentdagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt o‘quv markazini ochish rejalashtirilgan.


Avvalroq “Spot” endi o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga mavsumiy ishlarga jalb qilinishi haqida yozgandi.

Kollej bitiruvchilarining ham o‘z sohasidan kelib chiqib mamlakatda faoliyat olib borishlariga yordam beriladi.