“Uzum” raqamli ekotizimi “Click” to‘lov tashkiloti bilan birlashmaslikka qaror qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

“Uzum direktorlar kengashi tegishli tekshiruv jarayonini tugatgandan so‘ng, kompaniyalar qo‘shilishidan voz kechishga qaror qildi. Kompaniya yopiq ekotizimga asoslangan o‘zining fintex-xizmatlarini rivojlantirishda katta imkoniyatlarni ko‘rmoqda”, — deya qayd etdi “Uzum” qaror sanasini ko‘rsatmasdan.

12-iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Digital Uzbekistan” PLUS-forumida Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farruh Qoraboyev “Spot"ga bergan intervyusida kompaniyalar qo‘shilishga dastlabki rozilik olish uchun ariza bermagani, garchi u rejalashtirilgan bo‘lsa ham, shu bois agentlik ishni o‘rganmaganini aytdi.

“Spot” “Uzum” bilan birlashish qarori bekor qilingani yuzasidan “Click” matbuot xizmatiga ham murojaat qildi, biroq tezkor javob olishning imkoni bo‘lmadi.

2023-yil 12-iyun kuni “Click” to‘lov tashkiloti “Uzum” kompaniyalar guruhi bilan birlashayotgani ma’lum qilindi.

“Click” egalari “Uzum” guruhi bosh kompaniyasining ulushiga ega bo‘lishi va jamoa loyihani ishlab chiqish ustida ishlashni davom ettirishi ta’kidlangan edi.

“Spot” bilan suhbatlashgan mutaxassislar birlashishni ikkala kompaniya rivojlanishi uchun kutilgan va tizimli qadam deb atadi. Umuman olganda, ular biznesni birlashtirish kompaniyani yangi bosqichga olib chiqishini hisobga olib, bu jarayonni bozor uchun ijobiy deb baholaydilar.


Avvalroq “Spot” “Humo” Qirg‘iziston va Qozog‘istonda uzluksiz to‘lovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Shuningdek, kelgusida to‘lov tizimi Ozarbayjon va Turkiya bozorlariga chiqish niyatida.