Toshkentda savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik muammolariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Tadbir prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilmoqda. Soha vakillarining qiyinchiliklari, muammolarni hal etish bo‘yicha takliflarini o‘rganish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda hukumat ishchi guruhi a’zolari, mas’ul vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etadi. Savdo va umumiy ovqatlanish sohalarining barcha manfaatdor vakillari ishtirok etishga taklif etiladi.

Davra suhbati 20-iyun kuni “International Hotel Tashkent” majmuasida bo‘lib o‘tadi, boshlanish vaqti — soat 10:00. Ishtirok etish uchun Savdo-sanoat palatasining (+998) 78 150−60−06 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib ro‘yxatdan o‘tish lozim.

Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda ochiq muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tayyorgarlik doirasida korxonalar muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha hududiy guruhlar, shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha yanada chuqurroq tahlil qilish uchun ekspert guruhlari tuzilmoqda.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airports” Toshkent aeroportida uchta umumiy ovqatlanish shoxobchasi uchun joy taklif qilgani haqida yozgandi.