Latviya kompaniyasi o‘zbekistonlik haydovchilarni ishga jalb qiladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi ko‘magida 10−17-iyun kunlari mamlakatning transport va logistika sohasidagi “Kreiss” kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga ishchi tashrifi tashkil etildi.
Tashrif davomida Latviya tomoni Transport vazirligi, Tashqi mehnat migratsiya agentligi va Xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
“Kreiss” va Tashqi mehnat migratsiya agentligi o‘rtasida Latviyaga 600 nafar haydovchilarni uyushgan tarzda ishga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Vatanparvar” tashkiloti bilan mazkur uyushmaga tegishli avtomaktablar platformasida o‘zbekistonlik yuk mashinalari haydovchilarini tayyorlash uchun maxsus simulyatorlar tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Mazkur markazlarda tayyorgarlikdan o‘tgan haydovchilar Yevropa standartlariga mos sertifikatlar olishlari va YeI davlatlarida faoliyat ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning may oyida kompaniya bilan transport va logistika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish, kadrlar tanlash, haydovchilarni tayyorlash va mamlakatda ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlarini tashkil etish masalalari muhokama qilingandi.
Avvalroq migratsiya agentligi O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi kamayishi mumkinligini qayd etgandi. Bu mamlakatda qurilish sohasi faol rivojlanayotgani hamda ishchi kuchining Yevropaga yuborilayotgani bilan izohlanadi.