“USM Holdings"asoschisi Alisher Usmonov 7-iyun kuni Frankfurt-Mayn mintaqaviy sudiga “UBS Europe SE” bankiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda “Kommersant"ga tadbirkor manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Stefani Rabenau ma’lum qildi.

Da’vogarning fikricha, 2018−2022 yillarda bank Germaniya moliya organlariga shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgani haqida “bir qator asossiz xabarnomalar” yuborgan. Bu unga qarshi “siyosiy sabablarga ko‘ra tergov” o‘tkazilishiga turtki bo‘ldi.

Rabenau bayonotida aniqlik kiritilishicha, “UBS” banki Germaniya bojxona bosh boshqarmasining moliyaviy monitoring bo‘limiga “o‘ndan ortiq bema’ni va asossiz, ataylab yolg‘on xabarlar” yuborgan.

Ular orasida naqd pul olish va ijara to‘lovlarida “pul yuvish” da’volari bor edi. Shu bilan birga, bank o‘z shubhalarini tasdiqlovchi hech qanday fakt keltirmadi, deya qayd etadi advokat.

Bundan tashqari, 2022-yilda “UBS” xabarnomalari Germaniyada Alisher Usmonovga qarshi tergovni boshlash uchun sabab bo‘ldi. Uning davomida butun mamlakat bo‘ylab, shu jumladan Bavariyadagi ko‘chmas mulk obyektlari va “Dilbar” yaxtasida tintuvlar o‘tkazildi. Ushbu tergovlar va tintuvlar ommaviy axborot vositalarida yoritilgan va boshqa narsalar qatori biznesmenga qarshi sanksiyalarni uzaytirish uchun ishlatilgan.

“Bank shartnomasi va bank sirlari me’yorlaridan farqli o‘laroq, „UBS“ mijoz ma’lumotlarining maxfiyligini buzdi, u haqida noto‘g‘ri da’volarni tarqatdi va shaxsning umumiy huquqlarini qo‘pol ravishda buzdi”, — deydi Stefani Rabenau.

Rabenauning qo‘shimcha qilishicha, bank tomonidan shartnomani buzish moliyaviy yo‘qotishlarga va Usmonovning obro‘siga katta zarar yetkazilishiga olib keldi.

Asosan, “UBS” begunoh shaxsni qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortishni, shuningdek, mijoziga nisbatan sanksiya qo‘llashni qo‘zg‘atgan va yordam bergan.


Avvalroq “Spot” Gamburg sudi Alisher Usmonovni Germaniyadagi villa egasi deb atashni taqiqlagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sud taqiqni buzgan har bir holat uchun 250 ming yevrogacha jarima soladi.

Agar sudlanuvchidan jarimani undirish imkoni bo‘lmasa, u jami ikki yilgacha ma’muriy hibsga olinishi mumkin