Janububiy Koreyaning “BNK FInancial Group” kompaniyasi Toshkentda sho‘ba mikromoliya tashkilotini ochdi, deya xabar bermoqda “Yonhap” agentligi.

“BNK Finance” tashkilotining ochilish marosimi Janubiy Koreya prezidenti Yun Sek Yolning O‘zbekistonga tashrifining birinchi kuni, 13-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Moliyaviy guruh raisi Bae Dae In ishtirok etdi.

O‘zbekiston “BNK Capital” uchun Markaziy Osiyodagi uchinchi davlatga aylandi. 2018-yildan buyon kompaniya Qozog‘istonda faoliyat yuritadi, 2023-yilda esa Qirg‘izistonda sho‘ba korxonasini ochdi.

Mikromoliya kompaniyasi asosiy e’tiborni uy-joy va avtomobil sotib olish uchun kreditlar berishga qaratmoqchi. Bundan tashqari, Koreyaga ishlash uchun ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ham mablag‘ ajratiladi.

“BNK” delegatsiyasi ikki yil avval Markaziy bank bilan muzokaralar olib bordi. Koreyalik mehmonlarni respublikaning bank va moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlari qiziqtirdi, deya qayd etdi regulyator.

Kompaniya haqida:

BNK Financial Group Inc” bank va moliyaviy xoldingi 2011-yilda tashkil etilgan va Pusanda joylashgan. Kompaniya keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etadi — bank, investitsiya, brokerlik, mikrokredit, lizing va boshqalar.

Xoldingning 2021-yildagi foydasi 791 mlrd koreys vonini ($629,7 mln) tashkil etdi, uning aktivlari hozirda $100 mlrddan oshadi, 2022-yil uchun “Forbes Global” reytingiga kiritilgan.


Avvalroq “Spot” Janubiy Koreya O‘zbekistonda IT-fakulteti ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Fakultet joriy yilda Turin universitetda ochilib, unda 900 nafar talaba tahsil olishi kutilmoqda.