Qozog‘istonning “Kaspi” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “DigitalBusiness"nashri “Kaspi.kz” bosh direktori Mixail Lomtadzega tayanib xabar berdi.
Uga ko‘ra, kompaniya hozirda mobil aloqa va naqd pulsiz operatsiyalarning kirib borishi va elektron tijoratni rivojlantirish nuqtai nazaridan boshqa bozorlarni faol o‘rganmoqda.
Lomtadzening qayd etishicha, “Kaspi.kz” Osiyo mamlakatlari, Sharqiy Yevropa va O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda.
Qamrovni kengaytirish “Kaspi"ga 100 mln foydalanuvchiga ega kompaniyaga aylanish imkonini beradi. Hozirda har oyda 15 mlnga yaqin kishi bank xizmatlaridan foydalanadi.
Kompaniya haqida:
“Kaspi.kz” — Qozog‘iston texnologik kompaniyasi bo‘lib, unga “Kaspi Store”, “Kaspi Bank”, “Kaspi Pay” va “Kaspi Travel” kiradi. 2020-yilda u Yevropa va Yevroosiyodagi eng tez rivojlanayotgan IT-moliya tashkilotlaridan biriga, shuningdek, Qozog‘iston moliya bozorida yetakchiga aylandi.
Avvalroq “Spot” “Humo” Qirg‘iziston va Qozog‘istonda uzluksiz to‘lovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Shuningdek, kelgusida to‘lov tizimi Ozarbayjon va Turkiya bozorlariga chiqish niyatida.