Quyosh elektr stansiyasini to‘liq o‘z mablag‘idan qurganlarga kompensatsiya beriladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini to‘liq to‘lagan holda ularni xarid qilgan va o‘rnatgan isteʼmolchilarga xarid xarajatlarining bir qismi quyidagi miqdorlarda Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Quyosh yoki shamol elektr stansiyasini o‘rnatganlik uchun kompensatsiyalar miqdori o‘rnatilgan quvvati:
- 0,5 kVtdan 1 kVtgacha bo‘lganda BHMning 7 barobar (2 mln 380 ming so‘m);
- 1 kVtdan 1,5 kVtgacha bo‘lganda BHMning 10 barobar (3 mln 400 ming so‘m);
- 1,5 kVtdan 2 kVtgacha bo‘lganda BHMning 15 barobar (5 mln 100 ming so‘m);
- 2 kVt va undan yuqori bo‘lganda BHMning 20 barobar (6 mln 800 ming so‘m);
- 5 kVt va undan yuqori bo‘lganda BHMning 50 barobar (17 mln so‘m, faqatgina yangi yerlar o‘zlashtirilganda va tik quduqlarda o‘rnatilgan suv nasoslarining elektr energiyasi isteʼmoli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali taʼminlanganda).
Energotejamkor qurilmalarni o‘rnatgan iste’molchilarga tarifga nisbatan chegirma berilishi haqida xabar berilgandi.
Hukumatning elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi tegishli qarori bilan ulardan foydalanish qoidalari yangi tahrirda tasdiqlandi.
Xususan, iste’molchilarga tasarrufidagi mavjud eski elektr qurilmalarini yangi energiya tejamkor qurilmalarga almashtirish natijasida iqtisod qilingan elektr energiyasi hajmiga 3 yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15% chegirma beriladi.
Bunda iste’molchilar elektr qurilmalarni almashtirish jadvali va uning natijasida erishiladigan iqtisodni nazarda tutuvchi dasturni taqdim etgandan so‘ng, “O‘zenergoinspeksiya” 10 kun muddatda bu dasturning asoslanganligini ko‘rib chiqadi va natijasi bo‘yicha kelishadi yoki asoslantirgan holda kelishishni rad etadi.
Tasdiqlangan dasturga asosan amalga oshirilgan ishlar natijasida iqtisod qilingan elektr energiyasi hajmi energiya auditor tomonidan o‘rganiladi va ushbu hajmlar bo‘yicha xulosa beriladi.
Energiya auditor xulosasi “O‘zenergoinspeksiya” va hududiy elektr ta’minoti korxonasiga taqdim etiladi va ijobiy xulosa taqdim etilgan kundan boshlab chegirmalar qo‘llaniladi.
Avvalroq elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qo‘llanadi.