Avvalroq “Spot” Xitoyning “China Xiaou Group” kompaniyasi Farg‘onada avtomobilsozlik texnoparkini tashkil etish rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Xitoyga tashrifi doirasida kompaniya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda $1,5 mlrdlik to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy investitsiyasi hisobiga yirik avtomobilsozlik majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Birinchi bosqichda $50 mlnlik yirik yig‘ish, bo‘yash va sozlash liniyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Kelajakdagi ustaxona yiliga gaz, elektr va gibrid dvigatelli 60 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Keyinchalik butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kengayib, yillik ishlab chiqarish hajmi 110 mingtaga yetkaziladi.
Ikkinchi va uchinchi bosqichdagi investitsiyalar hajmi mos ravishda $350 mln va $1,1 mlrdga baholanmoqda.
Delegatsiya Chjenszyan shahrida joylashgan “BAIC Bluepark Magna” avtomobil zavodiga ham tashrif buyurishdi. Qayd etilishicha, u kelajakda Farg‘onada ishlab chiqarish uchun namuna bo‘ladi.
Avvalroq “Spot” Xitoy kompaniyasi Bo‘kada quyosh fotoelektr stansiyasini qurishi haqida yozgandi.
Uning umumiy quvvati 263 MVt bo‘lib, buning uchun $150 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etiladi.