2026-yil 1-oktabrgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlariga nisbatan bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, vakolatlarini kengaytirish va boshqaruv tizimini qayta tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

“Hunarmand” uyushmasi a’zolari uchun berilgan imtiyozlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham qo‘llash taklif qilinmoqda.

Prezident ishlab chiqarish, ko‘rgazma va savdo maydonlarini o‘z ichiga olgan maxsus zargarlik markazlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bu boradagi tajriba loyihalari Toshkent shahri va Namangan viloyatlarida joylashtirishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, AQShga zargarlik buyumlari eksporti uchun GSP tizimi bo‘yicha nol bojxona to‘lovi stavkasini belgilash taklif qilinmoqda.

Davlat rahbari chora-tadbirlarni yakunlash va 2027-yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatda zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.


Avvalroq “Spot” zargarlik uchun qimmatbaho toshlarni olib kirishga soliq imtiyozi belgilanayotgani haqida yozgandi.

Buning uchun zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar 2027-yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.