Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Respublika shtabi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Biznes egalari o‘zlari duch kelayotgan muammolar va takliflarni 24/7 rejimida 1094 va 1100 qisqa raqami orqali yo‘llashi mumkin.
Avvalroq tadbirkorlar bilan ochiq muloqot platformasi ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.
“Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasi ishga tushiriladi. Qoraqalpog‘istonda 2024-yilning avgust oyida xalqaro biznes forum tashkil etiladi.
Joriy yil yakunigacha O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan birga “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar brendlarini jalb qilish choralari ko‘riladi.
2023-yilning sentabrida ochiq muloqotda ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangandi. Unda 2024-yilgi muloqotni Qoraqalpog‘istonda tashkil etish masalasi berilgan.
30-may kuni prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi davlat rahbari qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini uzluksiz qabul qilish va umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Ularning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.