Senat 21-iyun kuni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ulardagi inshootlarni qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi yer uchastkalariga, shuningdek ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni tan olish asoslari va tartibini belgilaydi.
Xususan, yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlarini qonuniylashtirish tartibi belgilab berilgan.
Shuningdek, kichik sanoat zonalari, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlarida ortiqcha egallab olingan yer maydonlarining huquqiy holatini rasmiylashtirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qonunga o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlar va hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bosqichlarda kiritiladi.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ruxsat etilmagan yerlarning qonuniylashtirilishi qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga yordam beradi.
Xususan, ularda joylashgan bino va inshootlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulashni soddalashtiradi.
Sobiq deputat, Ekologiya vazirligi rahbarining sobiq o‘rinbosari va yordamchisi Rasul Kusherboyev qonun tafsilotlarini ma’lum qildi.
Fuqarolar yoki tadbirkorlar tomonidan hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiq egallab turgan yoki 2018-yil 1-maygacha yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ruxsat etilmagan yer uchastkalariga taalluqlidir.
Qonun bilan quyidagi yer uchastkalari hamda bino va inshootlarga nisbatan bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish belgilanmoqda:
- fuqarolar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
- 2018-yil 1-mayga qadar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
- “bir martalik aktsiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
- 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan o‘z vaqtida tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;
- fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
- 2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;
- xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;
- fuqarolarning, tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga.
Kusherbayevning qayd etishicha, qonunning amal qilish muddati 2028-yil 1-yanvariga qadar etib belgilanmoqda.