Yaponiya hukumati O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning qator kompaniyalariga nisbatan eksport sanksiyalari joriy etilganini e’lon qildi.
Jumladan, Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan “MVizion” kompaniyasi cheklovga uchradi. Qayd etilishicha, kompaniya Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tganligi sababli Yaponiya sanksiyalari ostida qoldi.
Shuningdek, sanktsiyalar ro‘yxatiga Qozog‘istonning “Elem Group”, bir Hindiston va 7ta Xitoy kompaniyalari kiritilgan.
Vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yosimasu Xayashining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar aktivlarni muzlatish va eksportni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Ular Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, BAA, O‘zbekiston bilan bog‘liq 11 kompaniyaga ta’sir ko‘rsatadi.
O‘tgan haftada Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida G7 sammiti chog‘ida yangi sanksiyalar paketiga uchinchi davlat kompaniyalarini kiritish niyatini bildirgandi.
Cheklovlar o‘tgan oy G7 va ularning ittifoqchilari tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar majmuasining bir qismi bo‘ladi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Mvizion” 2022-yil iyun oyida tashkil etilgan. Qayd etilishicha, kompaniya elektron va telekommunikatsiya uskunalarini ulgurji yetkazib beradi. Uning yagona asoschisi va rahbari Igor Ivlev hisoblanadi.
Joriy yil fevral oyida “Mvizion” kompaniyasi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgani haqida xabar berilgandi.
Bungacha kompaniya 2023-yilning noyabrida kompaniya AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgandi. Dekabrda Buyuk Britaniya ham unga nisbatan sanksiya kiritdi.
2023-yil dekabr oyida Yaponiya O‘zbekistonning ikki kompaniyasi — “Alfa Beta Creative” va “GFK Logistic Asia"ga nisbatan eksport cheklovlarini joriy qilgandi.
Bungacha aprel oyida ikkala kompaniya ham sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiya mudofaa sanoati uchun tovarlarni sotib olgani uchun AQSh sanksiyalariga uchragandi. Ikki oy o‘tgach, Yevropa Ittifoqi ham ularga qarshi eksport cheklovlarini joriy etdi.