Hukumatning yoqilg‘i-energetika sohasida tarif siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun narxlar 2026-yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi.
Gaz va elektr energiyasi narxlari ularni ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash xarajatlaridan kelib chiqqan holda, shuningdek, kapital xarajatlarni qoplashni hisobga olgan holda belgilanadi.
Aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash elektr energiyasi va tabiiy gazning bazaviy normasini qo‘llash hamda ular uchun tariflar oshganda kompensatsiyalar berish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Tariflarni shakllantirish davrida takroriy subsidiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Shu bilan birga, aholining kam ta’minlangan qatlamlari uchun maqsadli subsidiyalar joriy etish ko‘zda tutilmoqda, buning uchun asosiy me’yorlar va kompensatsiyalar mexanizmlaridan foydalaniladi.
16-aprel kuni hukumatning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024−2025 yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda 2024-yilning 1-mayidan aholi uchun elektr-energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, elektr energiyasi bir oylik bazaviy me’yori 200 kVt/soatni, tabiiy gaz uchun esa isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil qilmoqda.
Isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida oktabr — fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr — fevral oylarini qamrab oladi. Isitishdan tashqari mavsum Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida mart — sentabr oylarini, boshqa hududlarda esa mart — oktabr oylarini qamrab olishi nazarda tutilmoqda.
1-maydan elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I va II guruhlari uchun o‘zgarishsiz — 1 kVt/soat uchun mos ravishda 1000 so‘m va 900 so‘mdan qoldirilmoqda.
Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun 1 oydagi iste’moldan kelib chiqib quyidagicha belgilanmoqda:
- oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan qismiga — 225 so‘m;
- 200 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha — 450 so‘m;
- 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha — 675 so‘m;
- 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha — 787,5 so‘m;
- 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 900 so‘mdan.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa narxlar bir oydagi iste’moldan kelib chiqib quyidagicha belgilanadi:
- oyiga 200 kVt/soatgacha — 450 so‘m;
- 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha — 900 so‘m;
- 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha — 1350 so‘m;
- 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha — 1575 so‘m;
- 10 000 kVt/soat va undan ortiq har bir kVt/soat uchun — 1800 so‘m.
Iste’molchilarning VI guruhi uchun ham narxlar o‘zgarishsiz, ya’ni bir kVt/soat uchun 900 so‘mdan qolmoqda.
Qarorda tabiiy gaz yetkazib berish narxidagi o‘zgarishlar ham belgilangan. Barcha iste’molchilar uchun to‘lov miqdori o‘zgarishsiz — bir kubometr uchun 1 500 so‘mdan qolmoqda.
Yirik ulgurji iste’molchilar hamda budjet tashkilotlari uchun ham tabiiy gaz narxi o‘zgarishsiz — bir kubometr uchun 1 800 so‘mdan qoladi.
Kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga mavsumga qarab narx belgilanmoqda. Noyabrdan fevralgacha, isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometr narxi quyidagicha belgilandi:
- 500 kub metrgacha iste’mol uchun 380 so‘mdan 650 so‘mgacha;
- 500dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘mdan;
- 2 500dan 5 ming kub metrgacha 1950 so‘mdan;
- 5 mingdan 10 ming kub metrgacha 2275 so‘mdan;
- 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun 2 600 so‘m.
Mart-oktabr oylarida gaz iste’moli uchun tariflar quyidagicha beligilandi:
- 100 kub metrgacha — 650 so‘m;
- 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha — 1500 so‘m;
- 2500 kub metrdan 5000 kub metrgacha 1950 so‘m;
- 5 ming kub metrdan 10 ming kub metrgacha — 2275 so‘m;
- 10 ming kub metrdan va undan yuqori iste’mol uchun — 2600 so‘mdan .
Shuningdek, aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kgga 1120 so‘mdan 1600 so‘mga oshadi.
1-iyundan AGTKShlarga yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga oshadi.
Oxirgi marta gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yil avgust oyida oshirilgandi. 2023-yilning 1-oktabrdan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirildi.