2024-yil 20-iyul Toshkent vaqti bilan soat 00:01 dan 2024-yil 7-avgust 23:59 gacha Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital ta’mirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchish-qo‘nish yo‘lagining uzoq muddatdan beri ishlashi hamda havo kemalarining qo‘nishi va uchishi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kapital qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Xususan, uzunligi 3000 metr va eni 16 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini butunlay almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital ta’mirlanadi.
Rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltiriladi, yo‘lovchilar Nukus va Urganch aeroportlari o‘rtasida transferlar bilan ta’minlanadi. Parvozlar haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun aviakompaniyalarga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Urganch aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi kapital ta’mirdan so‘ng “Boeing 787” va “Airbus A330” kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qila oladi.
Urganch shahridagi uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish oxirgi marta 1997-yilda, shikastlangan qismlarini qisman ta’mirlash esa 2018-yilda amalga oshirilgan.