24-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri bo‘lgani va tegishli bayonnomani imzolagani qayd etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda. Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tadi.
Yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5−10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, ikki davlat poytaxtlarida o‘zaro sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Davlat rahbari o‘rta muddatli Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi.
Geologik qidiruv, xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shu jumladan, bu sohada kadrlar tayyorlashni tashkil etish kabi hamkorlik yo‘nalishlari aniqlab olindi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va turdosh tarmoqlarda kompleks hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada Qoraqalpog‘iston, Namangan va boshqa viloyatlarda yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha aniq rejalar mavjudligi qayd etildi.
Mo‘g‘ulistondan go‘sht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, O‘zbekistondan tovuq go‘shti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
“Halol” standartlariga muvofiq go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etish va mintaqadagi mamlakatlarga eksport qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, teri va junni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha loyihalar taklif etildi. Bu yo‘nalishlarda chorvachilik sohasida ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.
Tomonlar xususiy sektor loyihalarini amalga oshirishga va biznes tashabbuslarini ilgari surishga ko‘maklashishga kelishishdi.
Toshkentda texnologik yechimlar asosida diagnostika markazini ochish, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika sohasida yangi loyiha takliflarini tayyorlashgan.
Yangidan tuzilayotgan Ishbilarmonlar kengashining faoliyati va qo‘shma biznes forumlari muntazam o‘tkazilishi bu boradagi rejalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari to‘g‘risidagi asosiy bitimlar qabul qilinadi.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida tashrif davomida havo va avtomobil transportida tashishlar to‘g‘risida muhim bitimlar qabul qilinadi. Ikki poytaxt o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, eng samarali va qisqa, shu jumladan Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan transport yo‘laklarini birgalikda tahlil qilish taklif qilindi.
Eng nufuzli universitetlar o‘rtasida akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, grantlar asosida iqtidorli mo‘g‘ulistonlik talabalarni O‘zbekistonda o‘qitishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida mavjud vizasiz tartibni inobatga olgan holda, qo‘shma dasturlar va mahsulotlar asosida turizm almashinuvlarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tayyorlash topshirildi. Shuningdek, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yetakchilar Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar. Davlat tashrifi davomida jami 14ta hujjat imzolandi, jumladan:
- Savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo dastur;
- Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- Havo aloqasi to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- Xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024−2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Veterinariya va chorvachilik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bayonnoma;
- Toshkent va Ulan-Bator shaharlari ma’muriyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim.
2023-yilning noyabrida tomonlar avtotransport vositalarida xalqaro yuk tashuvlari hajmini oshirishga kelishishgandi.