21-iyun kuni “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Xususan, raqamli kriminalistika sohasida innovatsion tadqiqotlar olib borish, yirik hajmdagi ma’lumotlar (“Big Data”), sun’iy intellekt va boshqa texnologiyalarni tahlil qilib, amaliyotga joriy etadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq qilish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishda raqamli kriminalistika jihatidan amaliy yordam berish, shuningdek, raqamli ekspertizaning zamonaviy texnologiyalari va vositalarini joriy etish belgilandi.
Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Joriy yilning 1-avgustidan institutga raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqi beriladi.
Institut sud-ekspertlik faoliyati qamrovini kengaytirish maqsadida 2024-yil yakunigacha katta hajmdagi ma’lumotlar ekspertizasi o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yadi.
“Raqamli dalillar yagona reyestri” idoralararo avtomatlashtirilgan tizimining sinov versiyasi 2025-yilning 1-martigacha, 2025-yilning 1-avgustigacha esa to‘liq versiyasi joriy etiladi.
Mazkur reyestr akademiya serverlarida saqlanadi hamda uning uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligi ta’minlanishi uchun akademiya mas’ul hisoblanadi.
Oktabrgacha institut uchun uchuvchisiz uchadigan apparatlarni (dronlarni) o‘rnatilgan tartibda xarid qilish, ulardan belgilangan tartibda foydalanish saqlashga ruxsat berish belgilandi.
Institut tomonidan raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish tartibi belgilanib, bu amaliyot yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, uni maxsus o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar, ilmiy nashrlar, o‘quv-uslubiy, ilmiy- metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash hamda ilg‘or elektron ma’lumotlar bazalaridan foydalanishga sharoit yaratiladi.
Yetakchi xorijiy va mahalliy innovatsion va ilmiy-texnologik tuzilmalar (ІT-parklar, texnoparklar, innovatsion markazlar va boshqalar) bilan tajriba almashish, ekspert maslahatlarini olish, sheriklik asosida ilg‘or ishlanmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida ilmiy-amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Kibermakonda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish hamda zamonaviy raqamli kriminalistika faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan tadqiq etishga yo‘naltirilgan xalqaro va davlat grantlarida knstitutning ishtirokini tashkil etish choralari ko‘riladi.
Joriy yilgi davlat dasturida kiberxavfsizlik yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari va o‘qitish metodikalarini tahdid va tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish choralarini ko‘rish belgilangan.
Mart oyida IIV raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olish yo‘nalishida professional kadrlarni tayyorlash tizimini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.