Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketini ma’qulladi. Bu haqda Yevropa komissiyasi saytida ma’lum qilingan.
Sanksiyalar o‘z ichiga 116 jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi cheklovlarni, Rossiya siqilgan gazining Yevropa portlari orqali tranzitiga taqiqlarni oladi.
Bundan tashqari, siyosiy partiyalar, NNT, tahliliy markazlar va OAV uchun Rossiya manbalaridan moliyaviy yordam olishga taqiqlar bor.
Shu bilan birga, Rossiyaga ikki maqsadli foydalanuvdagi tovar va texnologiyalarni yetkazib berayotgan Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va BAA kabi davlatlarning 61 kompaniyasiga qarshi eksport cheklovlarini o‘z ichiga oladi.
Sanksiyalar Rossiyaga marganets rudasi va noyob tuproq elementlari birikmalarini, bir qator turdagi plastmassa, elektr jihozlari va ekskavatorlarni yetkazib berishni taqiqlaydi.
“SWIFT"ning ruscha analogi bo‘lgan Rossiya Banki moliyaviy xabarlarni uzatish tizimiga (SPFS) qarshi choralar ko‘riladi.
Rossiyadan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan buyurtma qilingan shaxsiy parvozlarni amalga oshiruvchi samolyotlarning Yevropa Ittifoqi hududiga qo‘nishi yoki uchishi taqiqlanadi.
Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketini joriy etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Yangi paket 20 nafar jismoniy va 22ta yuridik shaxsga nisbatan cheklovlar joriy etishni va Rossiya eksportiga nisbatan qo‘shimcha choralarni o‘z ichiga olishi ma’lum qilingandi.