Qirg‘izistonda deputat Balbak Tuloboyev O‘zbekiston va Turkmanistondan sabzavot, meva va rezavor mevalar olib kirishga taqiq joriy etishni taklif qildi. Bu haqda “Tazabek.kg” xabar berdi.

Deputat bunday taklifni 24-iyun kuni Agrar siyosat, suv resurslari, ekologiya va mintaqaviy rivojlanish qo‘mitasining yig‘ilishida ilgari surgan.

Uning fikricha, bu qadam mahalliy fermerlarga o‘z mahsulotlarini sotishga yordam berish uchun zarur.

“Nega o‘zimizniki bo‘la turib, boshqalarni boyitib, ularning mahsulotlarini sotib olishimiz kerak? Biz mahalliy sabzavot, meva va rezavorlarni nafaqat eksport, balki iste’mol qilmoqchimiz”, — dedi u.

Bunga javoban Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Kubat Kaseyinov bu masalani ko‘rib chiqishini aytdi.


Avvalroq “Spot” meva va sabzavotlarning o‘rtacha eksport narxlari ma’lum qilingani haqida yozgandi.

Savdo-sanoat palatasiga ko‘ra, minimal narxlar belgilansa ham mahsulotlar yuqori narxda jo‘natilmoqda.

May oyi boshida meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishda minimal eksport narxlari belgilandi.

Mazkur mahsulotlarning eksport narxi pasayishining tafovuti 20%dan kam bo‘lmasligi kerak.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga aylanma mablag‘lar uchun 1,5 mlrd so‘mgacha beriladi. Mahsulotlarni faqat mahalliy eksport qiluvchilarga sotuvchi fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.