Avvalroq Qozog‘iston startapi “Kwaaka” O‘zbekiston va Gruziyada o‘z faoliyatini boshlash uchun “MOST Ventures” kompaniyasidan mablag‘ jalb qilgani haqida xabar berilgandi.
Spot muxbiri kompaniya vakillaridan izoh oldi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon O‘zbekistonda yuridik shaxs ro‘yxatidan o‘tgan va “IT Park” rezidenti maqomini olish uchun ariza bergan.
Xizmatni to‘liq ravishda ishga tushirish uchinchi chorak boshiga mo‘ljallangan. Kompaniya mahalliy bozorda “Kwaaka” yechimlariga bo‘lgan talabni qayd etdi.
Hozir Toshkentda ofis ochishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bir qatorda “Kwaaka” bo‘lajak mijozlar bilan shartnomalar tuzish ustida ishlamoqda. Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ABMNB Group, Bellissimo, KFC, Safia va boshqa yirik o‘yinchilar bilan texnik muzokaralar davom etmoqda.
“Kwaaka” umumiy ovqatlanish korxonalariga yetkazib berish xizmatlarini restoranning kassa tizimlari bilan birlashtirgan holda bitta buyurtma boshqaruv panelini taqdim etadi. Shuningdek, startap oziq-ovqat xizmatiga sayt va dastur bilan o‘z yetkazib berish xizmatlarini tezda ishga tushirishga imkon beradigan vositani ishlab chiqdi.
Xizmat 2022-yilda ishga tushirilgan va hozirda oltita davlatda — Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Gruziya, Armaniston va Ukrainada faoliyat olib boradi hamda 1300dan ortiq restoranga ega. Startap jamoasi xorijda biznesni kengaytirishni maqsad qilgan.
“Forbes.kz” nashriga bergan intervyusida “Kwaaka” asoschisi Nabi Muratbek O‘zbekistonda “Express24” xizmati bilan “eng qiziqarli integratsiyalardan birini” ishga tushirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. “Kwaaka” jamoasi Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq Qozog‘istonning “Kaspi” fintex xizmati O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqish imkoniyatlarini o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.