“Telegram” messenjeri asoschisi Pavel Durov Qirg‘izistonga qilgan safari taassurotlari bilan bo‘lishib, mintaqaning boshqa joylariga ham borish niyatini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozgan.
“Menga Qirg‘iziston xalqi va tabiati yoqdi. Bu mamlakat haqiqatan ham Markaziy Osiyoning yashirin marvaridi. Rahmat, Qirg‘iziston — tez orada qaytamiz. Sizning mehmondo‘stligingiz meni go‘zal Markaziy Osiyo bo‘ylab kelgusi sayohatlarim uchun ilhomlantiradi” — dedi Durov.
Pavel mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi har oy “Telegram"dan foydalanishi va birgina so‘nggi to‘rt oy ichida messenjer mashhurligi 30%ga oshganini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, Durov u yerda mahalliy telekom rahbarlari bilan uchrashgan va Qirg‘iziston “Telegram” foydalanuvchilari tajribasini yaxshilash yo‘llarini muhokama qilgan.
Iyun oyi boshida Pavel Durov yozda Markaziy Osiyoga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi.
“Telegram” asoschisi Markaziy Osiyoga messenjer foydalanuvchilari va ularning raqamli ehtiyojlarini o‘rganish uchun kelishini aytgandi
Avvalroq “Telegram” asoschisi Pavel Durov amerikalik jurnalist va “Fox News” telekanalining sobiq boshlovchisi Taker Karlsonga intervyu bergandi.
U intervyuda “Telegram” qanday yaratilgani, “Vkontakte"ni tark etish va ko‘chishi, “Telegram"ning kelajakdagi rivojlanishi haqida gapirgan.