Toshkent shahrida mayning ferma tashkil etgan xonadon aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tumanning “Chortoq” MFY hududida yashovchi fuqaro O.K. o‘z uyining yerto‘lasida 5ta to‘plamdagi mayning qurilmalarini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga yashirincha ulagani aniqlandi.
Mazkur qurilmalarni o‘ratish oqibatida fuqaro jami 751,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik), 278−9-moddasi (mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent va Andijonda noqonuniy mayning ferma faoliyati aniqlangandi. Natijada elektr energiyasiga noqonuniy ulanish orqali davlatga 396 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Birinchi chorakda kripto-aktiv va mayning faoliyatida elektrdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha aniqlangan 63ta holatda jami 83,86 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilingan.
Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayning faoliyati uchun javobgarlik choralari kuchga kirdi. NAPP operatsiyalarni milliy provayderlar orqali amalga oshirishga, mayning faoliyatini qonunchilik doirasida amalga oshirishga chaqirmoqda.