Joriy yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 2,8 mlndan oshdi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yanvar-may oylarida turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 248,2 ming nafarga yoki 9,6%ga oshgan.
Eng ko‘p sayyohlar oqimi Tojikistonga to‘g‘ri keladi. O‘tgan davrda mazkur mamlakatdan 871,5 ming nafar turist tashrif buyurgan.
Undan keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (857 ming nafar) hamda Qozog‘iston (498,2 ming nafar) turibdi.
Shuningdek, dastlabki besh oyda Rossiyadan tashrif buyurgan sayyohlar soni 289,6 ming nafarni, Turkmaniston — 53,8 ming nafar, Turkiya — 42,1 ming nafarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, ular qatorida Hindiston (23,2 ming nafar), Xitoy (22.8 ming nafar), Italiya (15,3 ming nafar) Janubiy Koreya (15,1 ming nafar)bva boshqa davlatlar (148,7 ming nafar)dan tashrif buyurgan sayyohlar ham mavjud.
Uch oyda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 1,5 mlndan oshgandi. 2023-yilda mamlakatga 6,6 mlndan ortiq sayyoh tashrif buyurdi, bu 2022-yildagi ko‘rsatkichdan 1,4 mln kishiga ko‘pdir.
Avvalroq tarmoq va hududlar rahbarlari joriy yilda 11 mln xorijiy sayyohni olib kelish va turizm eksportini $2,5 mlrdga yetkazish uchun mas’ul va javobgar bo‘lishi belgilangandi.