O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga 100taga yetkaziladi. bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil 17 — 21-iyun kunlari Xitoyning Sian shahrida o‘tkazilgan “C5+1 Xitoy-Markaziy Osiyo fuqaro aviatsiyasi konferensiya"si davomida O‘zbekiston va Xitoy aviatsiya hukumatlari o‘rtasida Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish, ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar sonini keskin oshirish, yangi havo yo‘laklarini ochish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomonidan bitimdagi aviakompaniyalar soniga va parvoz manzillariga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash, amaldagi aviaqatnovlar sonini har bir tomondan haftasiga 50tadan jami 100taga oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish hamda yangi havo yo‘laklarini ochish taklif etildi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarning yuqori darajada rivojlanayotganligini inobatga olgan holda, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda aviatashuvlar bozori yanada erkinlashtirilishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Muzokaralar natijasiga ko‘ra ikki davlat aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida tegishli hujjat imzolandi va quyidagi kelishuvlarga erishildi:
- O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan aviakompaniyalar soni 2 barobarga oshirildi;
- O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun mamlakatning barcha aeroportlaridan Xitoy hududiga muntazam parvozlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan shaharlar soni 12taga yetkazildi;
- Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga mamlakatning istalgan shaharlaridan O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi xalqaro aeroportlarga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish huquqi berildi;
- Tayinlangan aviakompaniyalarga ikki davlat o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini har bir tomondan haftasiga amaldagi 15tadan yangi kelishuv bo‘yicha 50taga oshirish, ya’ni ikki mamlakat o‘rtasidagi haftalik muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlari sonini jami 100taga yetkazish huquqi berildi;
- Har ikki tomonning tayinlangan aviakompaniyalariga O‘zbekiston va Xitoy hududidagi barcha manzillar orqali uchinchi davlatlarga haftasiga 21ta aviaqatnov bilan yuk parvozlarini amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berildi;
- Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga O‘zbekiston hududida Samarqand va Nukus, O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga Xitoy hududida Sian va Chengdu xalqaro aeroportlari orqali uchinchi davlatlarga har bir yo‘nalishda haftasiga 7ta qatnov bilan yo‘lovchi parvozlarni amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berildi;
- O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun Xitoyning dengiz bo‘yida joylashgan turistik Xaykou, Sanya hamda Tsyunxay xalqaro aeroportlarida joriy qilingan “Maxsus ochiq osmon” rejimidan foydalanish va 5-havo erkinligida parvozlarni amalga oshirish huquqi qo‘lga kiritildi.
Shuningdek, kod-sher bitimi, havo kemasini ijaraga olish va charter parvozlar yuzasidan bir qator tegishli kelishuvlarga erishildi.
Xitoyning “Loong Air” aviakompaniyasi Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida xabar berilgandi. Siandan harakatlanuvchi yangi yo‘nalishning ilk aviareysi iyun oyining ikkinchi yarmida ochilishi rejalashtirilgan.