Yevrokomissiya “Apple” kompaniyasiga nisbatan YIning yirik onlayn-platformalar uchun yangi qoidalarini buzish ehtimoli bo‘yicha tergov boshladi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

24-iyun kuni Yevropa komissiyasi dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi, unga ko‘ra “Apple” joriy yilda qabul qilingan Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonunni (DMA) buzmoqda.

Xususan, kompaniya dastur ishlab chiquvchilarga foydalanuvchilarga kontent uchun muqobil to‘lov usullaridan erkin foydalanish imkoniyatini taqdim etishga ruxsat bermaydi.

Xulosalar dastlabki hisoblanadi va Yevropa Komissiyasi bu masalani o‘rganishni davom ettiradi. Tekshiruvning yakuniy natijalari 2025-yil martigacha e’lon qilinadi.

“Apple"ga nisbatan jarimalar haqida gap ketmasa-da, kompaniya qonunbuzarliklarni bartaraf etishga vaqt topadi.

Ammo, prinsipial jihatdan, qonun birinchi qoidabuzarlik uchun global aylanmaning 10%gacha va ikkinchi qoidabuzarlik uchun 20%gacha katta jarimalarni nazarda tutadi.

Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun texnologik gigantlarning faoliyatini tartibga soladi — dastlab oltita korporatsiya uning doirasiga kirdi: “Alphabet”, “Amazon”, “Apple”, “Meta”, “Microsoft”, “ByteDance”.

Qonun texnologik korporatsiyalar faoliyatini yanada qattiqroq tartibga solishni nazarda tutadi, chunki yirik monopolistlar sifatida ular butun bozorga, Yevropadagi kichikroq raqobatchilarga va foydalanuvchilarning imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Avvalroq “Spot” Yevrokomissiya “Apple” kompaniyasini 500 mln yevro jarimaga tortmoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Jarima kompaniya Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzgani va mavqeini suiiste’mol qilgani uchun solinishi mumkin.