“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2024-yilgi 1-ochiq stipendiya tanloviga hujjatlar qabuli boshlandi.
Unda yoshlar, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, pedagoglar va iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislari bakalavriat, magistratura hamda PhD darajalari uchun ishtirok etishlari mumkin.
Mazkur stipendiya tanlovi uchun o‘rinlar ajratilishda bugungi kunda mamlakatda tanqis hisoblagan mutaxassisliklar, jumladan, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, arxitektura-qurilish, STEM fanlariga alohida e’tibor qaratildi.
Jamg‘arma joriy yilgi birinchi tanlovda 2024−2025 o‘quv yili uchun 500 o‘ringa mo‘ljallangan grantlarni taqdim etadi hamda ular quyidagicha taqsimlanadi:
- bakalavriat ta’lim dasturi uchun 100 o‘rin;
- magistratura ta’lim dasturi uchun 250 o‘rin;
- doktorantura ta’lim dasturi uchun 150 o‘rin ajratilgan.
Bunda nomzodlar xorijiy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan yoki shartli qabul qilinganligi to‘g‘risidagi taklifnoma-xat (Letter of acceptance), nufuzli universitetlarda o‘qiyotgan nomzodlar xorijda ta’lim olayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni onlayn yuklashlari kerak.
Unda ta’lim olishni boshlash davri va mutaxassislik nomi aniq ko‘rsatilishi lozim. Agar nufuzli universitetlardan o‘qish xarajatlari bo‘yicha grantlar mavjud bo‘lsa, mazkur ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni yuklash shart.
Bakalavriat dasturida ishtirok etadigan nomzodlar maktabni, litsey va kollejni tugatganligini tasdiqlovchi attestat va diplomlar bilan ishtirok etishlari talab etiladi.
Nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va ijodiy qobiliyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan qo‘shimcha test sinovlari hamda nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari darajasini aniqlashga qaratilgan suhbat 25-iyulidan 24-avgustigacha davom etadi.
Arizalarni joriy yilning 25-iyuligacha havola orqali jo‘nayish mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni 998 71 203 00 47, 203 00 48, 203 00 51 telefon raqamlari yoki info@eyuf.uz.elektron pochta manzili hamda havola orqali olish mumkin.
Foydali havolalar:
- hujjatlar ro‘yxati;
- tanlov nizomi;
- hujjat topshirish bo‘yicha qo‘llanma;
- ariza namunasi;
- esse yozish bo‘yicha tavsiya.
Avvalroq Polshaning Vistula universiteti “Merit” grant dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.