Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2023-yilda parrandachilik tarmog‘ida 253ta loyiha amalga oshirilib, bunday xo‘jaliklar soni 1300taga yetgan, 4 mingta yangi ish o‘rni ochilgan. Kelgusidagi istiqbolli loyihalar uchun xalqaro tashkilot va banklardan $420 mln jalb qilinmoqda.
Bu yil parranda go‘shti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum yetishtirish 8,5 mlrd donadan 10 mlrd donaga yetkazilishi aytildi. Mamlakatda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasi yo‘qligi, 2-tartibli genetika Vengriyadan olib kelinishi qayd etildi.
Jahon bozorida parranda genetikasining 80%i AQSh kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo‘jaliklarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi. Parranda go‘shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan $35 mln arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.
Mamlakatda 39ta qorako‘lchilik xo‘jaligi bor. Buxoro viloyatidagi 2 mln gektardan ziyod yaylovda 2 mln bosh qo‘y boqilmoqda. Qorako‘l qo‘yini kooperatsiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi.
Xususan, Qorako‘l, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qo‘ylar yetkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop o‘simliklar maydonlari kengaytiriladi. Bu kabi choralar orqali qorako‘l qo‘ylarini 6 mln boshdan 7 mln boshga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Shunga muvofiq, Turkiya va Rossiyadan zotdor echkilar olib kelinib, naslli echkichilik klasteri tashkil etildi.
Xuddi shu taxlit, Mo‘g‘uliston tajribasi asosida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkentga 5 ming boshdan naslli echki olib kelib, ko‘paytirish zarurligi aytildi. Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yil boshida chorvachilik xo‘jaliklariga import uchun subsidiya ajratilishi ma’lum qilingandi. Subsidiyalar 2025-yil oxirigacha nasldor qoramolning har bir boshiga 2 mln so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida beriladi.