Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilishdi.
Qonun loyihasi bilan bir qator qonunlarga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi, yolg‘iz keksa hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga qilingan homiylik mablag‘larini soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar jumlasiga qo‘shish nazarda tutilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy bo‘linmalari tomonidan xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lganlar, oilalar manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik va ma’muriy sudlarga arizalar, shikoyatlar, da’volar kiritilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida mas’ul qo‘mita tomonidan ishchi guruh a’zolari, huquqshunoslar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani, deputatlar tomonidan berilgan taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, qonun loyihasining muqaddima qismi va bir qator moddalariga tahririy tuzatishlar kiritilgani qayd etildi.
Avvalroq uchta hududda ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha eksperiment o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Samarqand va Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahridagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida mobil xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.