“Poytaxt bank” aksiyalarini xususiylashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, BAAning “Bond Investments limited LLC” kompaniyasi bank ustav kapitalidagi 100% aksiyalar paketini $10 mlnga sotib olish taklifini bildirgan.
Mazkur bank davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha Rossiyaning “Ekspobank” bilan tegishli kelishuv imzolangandi. Biroq, xalqaro munosabatlarda yuzaga kelgan vaziyat sababli “Ekspobank” tomonidan amaldagi kelishuv shartlarini bajarish imkoniyati mavjud emasligi inobatga olinib, bekor qilingan.
Shundan so‘ng, Davaktiv agentligi va xususiylashtirish jarayoniga jalb etilgan xalqaro professional konsultant “Deloitte” tomonidan strategik investorlardan takliflarni qabul qilish ishlari davom ettirildi.
“Bond Investments limited LLC” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan taklif avvalgi talabgorlarning bildirgan sotib olish qiymatidan hamda mustaqil baholovchi (“KPMG” xalqaro kompaniyasi) tomonidan baholangan qiymatdan yuqori bo‘lgan tijorat taklifi hisoblanadi, deyiladi xabarda.
Jarayon konsultant “Deloitte” tomonidan muvofiqlashtirilgan va oldi-sotdi shartnomasi loyihasi tayyorlangan, konsultant tomonidan “Bond Investments limited LLC” kompaniyasi hamda unga tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi, AQSh, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining ochiq sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi o‘rganilgan.
Investor BAAning “Das Holding LLC” kompaniyasi guruhi tarkibida faoliyat yuritadi. Xolding guruhi BAAda islomiy va raqamli bankni o‘z ichiga olgan muvaffaqiyatli banklarni tashkil etish va ularning faoliyatini yuritish tajribasiga ega.
Kompaniya mazkur bank negizida zamonaviy mobil va raqamli moliyaviy texnologiyalarni joriy qilgan bank infratuzilmasini yaratishni rejalashtirgan.
Bitimni huquqiy jihatdan to‘liq yakunlash uchun investor tomonidan Markaziy bankining “Poytaxt bank” aksiyalarini sotib olishga doir dastlabki ruxsatnomasini olish talab etiladi.
2021-yilning mart oyida “Poytaxt bank"ning 100% davlat ulushi savdoga chiqarildi. O‘sha yilning noyabrida hukumat bankning davlat ulushini sotish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida uning ustav fondini 100 milliard so‘mga oshirish, bitimdan olingan mablag‘lar esa Toshkent shahar hokimligidan olingan budjet ssudalari va kreditlarini to‘lashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgandi. Bank faoliyatini 2019-yilda boshlagandi.
2023-yilning oktabrida regulyator raisi Mamarizo Nurmuratov “Poytaxt bank"ni sotish jarayoniga izoh berib, investorlar bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq “Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Aloqabank"ga tegishli “Toshkent City” biznes markazi hududidagi yangi ko‘p qavatli binolari savdoga chiqarilishi haqida xabar berilgandi.