Yunusobod tumanida 590,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tumanning “Xasanboy” MFY hududida yashovchi fuqaro Sh.B va boshqalar tijorat maqsadida tashkil etgan issiqxonani rezina shlang yordamida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga yashirincha ulangan.
Noqonuniy tarzda gaz tarmog‘iga ulangan fuqaro davlatga jami 590,7 mln so‘mlik zarar keltirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” yil boshidan buyon 552 mlrd so‘mlik energiya resurslarini o‘g‘irlash holatlari aniqlangani haqida yozgandi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan 715 ta jinoiy va 17,2 mingta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.