“UzAuto Motors” O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun mijozlarga maqbul narxlarni taklif etadi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Bo Andersson “Renessans TV” telekanalidagi Sherzodxon Qudratxo‘jaga bergan intervyusida qayd etdi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi rahbari kompaniyaning mamlakatdagi ustun mavqei haqida berilgan savolga javob berarkan, kompaniyaning bozordagi ulushi kamayayotganini qayd etdi.
“Mamlakat bozorida bizning ulushimiz katta, ammo boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilari va xorijiy brendlarning kirishi hisobiga bu ulush kamaymoqda”, — dedi Andersson.
Kompaniya rahbari mamlakatda “Chevrolet” avtomobillari narxi qimmatligiga ham izoh berib, mijozlarga narx va sifat nisbati bo‘yicha maqbul narxlar taklif qilinishini ta’kidladi. Avtomobil bozorida “Tracker” va “Onix” kabi “B” va “C” klass avtomobillari segmentida kuchli raqobat mavjud.
“Avtomobillarimizning ehtiyot qismlari, masalan, tormoz kolotkalari, konditsionerlar va ularga ko‘rsatiladigan servis xizmatining narxi ham raqobatchilarimizga nisbatan 2−3 barobar arzon”, — deydi Bo Andersson.
Shuningdek, u O‘zbekistondagi “Chevrolet” avtomobillarining eksport mamlakatlardagi narxi, ishlab chiqarilayotgan mamlakatdagi narxlardan arzonligini isbotlovchi birorta fakt yo‘qligini ta’kidladi. “Shaxsan men bunday holatlarning birortasini uchratmaganman”, dedi u.
Joriy yilning birinchi choragida “UzAuto Motors” sof foydasi qariyb to‘rt baravarga oshib, 1,29 trln so‘mni tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,74 barobarga ko‘p.
Kompaniya “UzAuto Motors” “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” ommabop avtomobillari narxlarini oshirishni hamda sotuv bo‘yicha yangi tizim joriy etishni rejalashtirmoqda. Xususan, mazkur avtomobillar uchun narxlar 3,5%dan 6,7%gacha oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi.
Joriy yilning 21-iyun kuni 25 mingta “Chevrolet Cobalt” avtomobili uchun onlayn kontraktatsiya ochilib, savdolar 9 soat ichida yakunlandi.