Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni mahallalar obodligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda 10 mingga yaqin mahalla bor. Shundan qariyb 3 mingtasi ko‘p qavatli uylardan iborat bo‘lib, ularga 821ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Hovli uylar joylashgan 6 400dan ortiq mahallada esa obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, asosan, hashar bilan qilinadi.

Bunday joylarda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilish taklif etilmoqda. Bu tashkilotlar mahallalarni obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi, ko‘chalar va ariqlar tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekib, parvarishlaydi.

Shuningdek, ular shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ham ko‘rsatadi.

Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi. Obodonchilik ishlari mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, servis kompaniyalari xizmatlariga to‘lovlar qilish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga har oyda 20 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Ular aholiga 20dan ortiq ijtimoiy pullik xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Tizim natijasida mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsiz kishilarning bandligi ta’minlanishi qayd etilgan.

Servis kompaniyalari tajriba tarzida 208ta mahallada tashkil etilishi belgilandi. Mazkur tajriba natijasi bo‘yicha keyinchalik barcha mahallalarda joriy qilish taklifi bildirildi.


Avvalroq “Spot” mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha kengashlar joriy etilishi haqida yozgandi.

Amaldagi uchta platforma — Onlayn mahalla, Xotin-qizlar, Yoshlar portali o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda birlashtiriladi.