Soliq qo‘mitasi yirik soliq to‘lovchilarni aniqlashda qo‘llaniladigan mezonlarga o‘zgartirishlarni tayyorladi.
Amaldagi tahrirdagi tegishli qoida 2019-yilda tasdiqlangan. Unda Soliq qo‘mitasining Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiyasi tasarrufidagi korxonalar toifalari belgilab berilgan.
Ularga aksiz to‘lanadigan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari va aksiz solig‘ini to‘laydigan xizmat ko‘rsatish sohasidagi kompaniyalar kiradi. Yangi qaror loyihasida pivo ishlab chiqaruvchilar uchun istisno qilish taklif qilinmoqda.
Banklar, tovar-xom ashyo, fond va valyuta birjalari bilan bir qatorda sug‘urta tashkilotlari va boshqa har qanday birjalarni yirik soliq to‘lovchilar sifatida ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Ushbu maqom “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati"dan tashqari “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga ham berilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, savdo daromadlari mezonini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Ayni paytda yirik toifaga o‘tgan 12 oy davomida tovarlar, xizmatlar va ishlarni sotishdan tushgan sof tushumi 100 mlrd so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilar kiradi.
Yangi tahrirda daromadlar chegarasini BHMning 735 000 baravari (249,9 mlrd so‘m) qilib belgilash taklif etilmoqda. Bundan tashqari, kompaniya yiliga o‘rtacha kamida 10 nafar xodimga ega bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, tuzatishlar loyihasida ushbu mezonga nisbatan bir nechta istisnolar nazarda tutilgan.
Daromad chegarasidan oshib ketgan taqdirda, yirik soliq to‘lovchilar tarkibiga g‘alla korxonalari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari, alkogol mahsulotlarini ulgurji sotuvchilar kiritilmaydi.
Qaror loyihasi bilan Normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari muhokamasi portalidagi havola orqali tanishishi mumkin. Muhokama 5-iyulga qadar davom etadi.
Avvalroq “Spot” markirovkalash uchun zarur bo‘ladigan uskunalar bojxona bojidan ozod etilgani haqida yozgandi.
1-sentabrdan markirovkasiz mahsulotlarni sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda tadbirkorlarga nisbatan choralar ko‘riladi.