“Toshkent” xalqaro aeroportida “Terminal” restorani ochildi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Restoran aeroportining jo‘nab ketish zalining o‘ng tomonidagi yo‘l o‘tkazgich ostida joylashgan.
Avvalroq “Uzbekistan Airports” “Jum” nomi ostida faoliyat yuritib kelayotgan kafe egasi o‘zgarganini ma’lum qildi.
E-auksion.uz platformasidagi savdolar natijalariga ko‘ra, “Airpit Services” kompaniyasi g‘olib deb topildi.
Ijarachi bir necha oy davom etgan rekonstruksiya ishlarini amalga oshirib “Terminal” deb nomlangan yangi ovqatlanish shoxobchasini ishga tushirdi.
“Biz restoran uchun zamonaviy konseptual dizaynni ishlab chiqdik va uni „Mazali taomlar Terminali“ deb nomladik. Restoran ichi ochiq ranglarda ishlangan, panorama oynali terassa, aviatsiya mavzusidagi aksessuarlar va dizayn yechimlari. Restoran menyusini tuzishda turli mamlakatlar odamlarning xohishlarini va turli narx segmentlarini hisobga olishga harakat qildik”, — deya qayd etdi “Airpit Services” kompaniyasi vakillari.
Restoranda milliy va Yevropa taomlari, tez tayyorlanadigan taomlar, biznes tushliklari, alkogolli va alkogolsiz ichimliklar taklif etiladi. Ushbu kontseptsiya yo‘lovchilar, kutib oluvchi va kuzatuvchilar, shuningdek, aeroport xodimlari uchun qulay bo‘ladi
Iyul oyi o‘rtalariga qadar terminal har kuni soat 10:00 dan 22:00 gacha test rejimida ishlaydi. Keyinchalik restoran, aeroportdagi barcha savdo nuqtalari singari, 24 soatlik ish rejimiga o‘tadi.