25-iyun kuni 2024−2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish yakunlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi.
Test sinovi topshirish hududi bo‘yicha eng ko‘p abituriyent Toshkent shahri, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 45 655 nafar;
- Andijon viloyati — 67 688 nafar;
- Buxoro viloyati — 45 583 nafar;
- Farg‘ona viloyati — 83 837 nafar;
- So‘x tumani — 1 962 nafar;
- Jizzax viloyati — 48 276 nafar;
- Namangan viloyati — 58 268 nafar;
- Navoiy viloyati — 48 437 nafar;
- Qashqadaryo viloyati — 89 188 nafar;
- Samarqand viloyati — 93 092 nafar;
- Sirdaryo viloyati — 30 074 nafar;
- Surxondaryo viloyati (Termiz shahri) — 39 498 nafar;
- Surxondaryo viloyati (Denov tumani) — 22 756 nafar;
- Toshkent shahri — 161 369 nafar;
- Xorazm viloyati — 58 596 nafar.
Shundan joriy yil bitiruvchilari soni 410 334 nafarni, avvalgi yillar bitiruvchilari esa 483 945 nafarni tashkil etadi.
Ularning gender tarkibi bo‘yicha taqsimotida erkaklar soni 431 806 nafar, ayollar esa 462 473 nafardir.
Abituriyentlarning ta’lim tili bo‘yicha taqsimoti:
- o‘zbek tili -784 458 nafar;
- rus tili — 84 774 nafar;
- qoraqalpoq tili — 22 534 nafar;
- boshqa tillar — 2 513 nafar.
Yuqorida keltirilgan statistik ma’lumotlarda to‘lov amalga oshirish muddati yakunlangandan so‘ng o‘zgarish bo‘ladi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi.
Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.
Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.
- ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydilar.
Kollej va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.