Gul biznesi xususiy tadbirkorlikning yetakchi yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu sohada faoliyat yuritish uchun, dastlab gullar parvarishi va dizaynini chuqur o‘rganish lozim.
Floristikada 16 yillik tajribaga ega Jasur Axmedov 2021-yilda birinchi “Blossom flowers” gul do‘konini ochadi. Bu sohada faoliyatini 12 yoshidan boshlagan. U hozirda gullarni Gollandiya va Xitoydan olib keladi.
“Spot” tadbirkor bilan Toshkentda qanday qilib gul do‘koni ochish mumkinligi, dastlabki sarmoyalari, gullarning turlari va narxlari haqida suhbatlashdi.
Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:
12 yoshimdan ish boshlaganman
Mahallamizda ko‘pchilik gul sohasi bilan shug‘ullangan. Men ham hali bola bo‘lishimga qaramay gullarga juda qiziqardim. Bu intilishim ortishiga esa xolam sababchi bo‘lgan. Ular ham shu yo‘nalishda faoliyat yuritganlar. 12 yoshimda bozorga olib chiqib, yaxshi ustaga shogirdlikka berishgan.
O‘zimga bu soha juda yoqqan hamda ijod qilish va yangicha yo‘nalishda guldastalar tayyorlashga ishtiyoqim baland edi.
2007-yil bozorda ishlab yurgan paytlarimda mustaqil ravishda birinchi guldastamni yasadim. Unda 51ta atirgul bo‘lib, shu davrda moda bo‘lgan zich qilib yasash usuli bilan tayyorladim va uni 28−30 ming so‘m atrofida sotdim. Bu guldastani yasagunimga qadar esa 1,5−2 oy davomida jarayonni batafsil o‘rgandim.
Faoliyatimning dastlabki yillaridanoq gul do‘koni ochishni o‘ylab yurardim. Oradan 13 yil o‘tgach, o‘z biznesimni boshlashga qaror qildim va 2021-yil 5-noyabrda “Blossom flowers"ni ochdik.
Dastlabki sarmoya
2021-yil ishni boshlash uchun $35−$40 ming atrofida sarmoya kiritdik. Hammada bo‘lgani kabi bizda ham bir qancha qiyinchilik bo‘lgan. Do‘kon ta’miri o‘z vaqtida tugamagan, mebel masalalari, buyurtma qilingan gullar vaqtida yoki umuman kelmay qolgan holatlarga duch kelganmiz.
Ishni yo‘lga qo‘yib olgach, 5-noyabr kechki soat 20:00larga yaqin gullarni do‘konga olib keldik. Oradan 4−5 soat o‘tib esa buyurtmalarni qabul qilishni boshlab yuborganmiz. O‘sha payti birinchi buyurtmamiz narxi 7−8 mln so‘mlik guldasta bo‘lgan.
Xatolar va xulosalar. Orada minusga kirgan holatlarimiz ham bo‘ldi. 8-mart bayrami arafasida qancha miqdorda gul olib kelish kerakligini sarhisob qilmaganmiz. Natijada, gullarning ma’lum bir qismi sotilmasdan qolib ketgan. Yana bir xatoyimiz, mijozlardan oldindan to‘lov olmasdan buyurtmalarni qabul qilishimizda bo‘lgan. Bir marta, mijoz 3ta katta va narxi har biri 15 mln so‘mlik guldasta buyurtma bergan. Olib ketiladigan vaqtga yaqin qolganda esa telefon qilib, buyurtmasini bekor qilgan. Shundan so‘ng, oldindan ma’lum miqdorda to‘lov qilishni yo‘lga qo‘ydik.
“Blossom flowers” nomini 1−2 oy davomida qidirganmiz. Tanishlarimdan so‘rab-surishtirib va maslahatlashib, bir qancha variantlar orasidan shu nomni tanladik. Floristika sohasida tajribam borligi uchun ham gullarni yorqin ifodalaydigan nomni tanlashni maqsad qilgandim.
Joylashuv, gullarning turlari va narxlari
Har bitta biznesda joylashuv muhim ahamiyatga ega. Do‘konimiz lokatsiyasini tasodifan tanlaganmiz. Mashina qatnovi ko‘p hamda mijozlar uchun avtoturargohlarga har tomonlama qulay hisoblanadi. Eng birinchi ish boshlagan paytimizda ijara uchun $6000 atrofida sarfladik. Do‘konning tashqi dizayni har faslga qarab o‘zgarib turadi.
3 yildan buyon gullarni Gollandiyadan olib kelamiz. Sababi, ularda gul sifati yaxshi va turlari ham ko‘p. Masalan, pionlar, gortenziya va yana 7−8 turini buyurtma qilamiz. Oldin bulardan haftasiga 100−150ta olib kelgan bo‘lsak, hozirda 250−300tagacha ishlatamiz.
Gullarni uzoq muddat saqlash uchun xonadagi havo harorati 8−10 darajada bo‘lishi kerak. Bular orasida eng ko‘p saqlasa bo‘ladigani xrizantemalar hisoblanadi, ular 15−20 kun davomida turadi. Eng kam saqlanadigani esa gortenziya bo‘lib, 5−6 kun davomida foydalanishimiz mumkin.
Xaridorlar gullarni har doim chiroyli shaklda ko‘rishga o‘rganishgan, lekin gul biznesi egasi uchun ular birinchi navbatda tez buziladigan mahsulotlar sanaladi. Shu bilan birga katta tajriba orttirmasdan, dastlab ko‘p miqdorda gullarni olib kelish, tannarxi bilan bir xil bahoda sotish, to‘g‘ri parvarish qila olmaslik kabi holatlarga duch kelish mumkin.
Muzlatkichdagi gullarning o‘rtacha saqlash muddati uch haftani tashkil etadi. Sekin-asta sotib olish ham qulay variant emas, chunki ulgurji sotuvchilardan kichik assortimentdan olganda yuqori xarid narxlari yuzaga keladi.
Qancha sotib olishni qanday bilish mumkin? Birinchidan, mahsulot matritsasi (nima va qancha miqdorda sotib olinishi kerak) quyidagi prinsipga muvofiq tuzilishi lozim: butun tarmoq bo‘ylab eng mashhur 35−40 ta turlarni tanlash va birinchi oy natijalariga ko‘ra iste’molchilar talabini baholash.
Ikkinchidan, mavsumni hisobga olish kerak. Bahor va kuzda gullarga bo‘lgan talab kuchayadi, lekin yozda sotuvlar pasayishi mumkin. Ushbu pasayish korporativ tadbirlar va to‘y marosimlaridan buyurtmalar qabul qilish bilan qoplanishi mumkin.
Har mavsumga qarab olib kelinadigan gullarimizning turi va ranglari o‘zgaradi. Mijozlardan hozirda asosan 2−3 xil turdagi gullardan iborat bo‘lgan guldastalarga talab kuchaymoqda. Oldinlari 5−6 xil turlaridan iborat guldastalarni xarid qilishardi.
Do‘konimizda gullarning narxi 500 ming so‘mdan 5−6 mln so‘mgacha boradi.
Shuningdek, gortenziyalarni Xitoydan ham olib kelamiz. Qaysi davlatdan yaxshi va sifatli gullar kelsa, bizning buyurtmalarimiz ham shunga qarab oshib boradi. Haftasiga miqdoriga qarab gul buyurtmasiga $2000dan mablag‘ sarflaymiz. Qadoqlash uchun o‘ramlarni har bitta rangidan oyiga bir to‘plam qilib Xitoydan olib kelamiz.
Bitta guldastani tayyor holatga keltirish uchun hajmiga qarab 20−40 daqiqa vaqt sarflaymiz. Bir kunda o‘rtacha 8tagacha guldastalarga buyurtmalar olamiz.
Narxlar. O‘zbekistonda gul biznesida marja miqdori 15−20%ni tashkil etadi va bu mavsumga qarab o‘zgarishi ham mumkin. Masalan, pion gulini hozirda mavsumi bo‘lgani uchun bahosi donasiga 100 ming so‘m, boshqa paytlari 200 ming so‘mdan sotiladi.
Gortenziyalar ham mavsum payti 100 ming so‘m, mavsum bo‘lmaganda esa Gollandiyada narxlar o‘sishi natijasida 170−180 ming so‘mgacha oshadi. Orxideya guli mavsum tanlamaydi va uning doimiy narxi 600 ming so‘mni tashkil etadi.
Do‘konimiz ish faoliyatini boshlaganidan buyon tayyorlagan eng katta guldastamiz 751ta atirguldan iborat bo‘lgan. Hozirda mijozlar asosan dumaloq shakldagi, yorqin guldastalarni ko‘proq talab qilishmoqda.
Xodimlar. Boshida ishni 2 kishi bo‘lib boshlaganmiz. Hozirda esa safimiz 6 nafarga yetgan. Ammo, haligacha gul yig‘ishda o‘zim ham qatnashaman. Chunki, bu sohaga mehr bergan inson uchun guldasta tayyorlamasdan o‘tadigan kun bo‘lmasa kerak. Xodimlarni asosan do‘kondagi mijozlar talabi va muhitdan kelib chiqib ishga olgach tayyorlaymiz.
O‘zbekistonda gul biznesi bozorida xodimlar o‘rtacha 7−8 mln so‘m miqdorida maosh olishmoqda. Shuningdek, bu biznes turi orqali oyiga 15 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha daromad topsa bo‘ladi.
2021-yilda “Blossom flowers” gul do‘konini tashkil etish uchun Jasur Axmedov quyidagicha mablag‘ sarflagan:
Obyekt | Summa (2021-yilda) |
Bino ta’miri | $5000-$6000 |
Mebellar | $3000-$4000 |
Muzlatkich | $3000 |
Guldonlar | $1500 |
Ijara | $6000 |
Guldasta tayyorlaydigan stol | 8−9 mln so‘m |
O‘yinchoqlar | 5 mln so‘m |
Vazalar | 7−8 mln so‘m |
Brending | 3−4 mln so‘m |
Hujjatlar. Birinchidan, ish boshlashdan oldin yakka tartibdagi tadbirkor yoki MChJ sifatida ishlashni, ya’ni mulkchilik shakli to‘g‘risida qaror qabul qilish kerak.
Ko‘pincha, gul do‘konlari OKONH chakana savdosi bilan ochiladi, birinchi navbatda aylanma kam bo‘lishi mumkinligiga qaramay, bu shakl to‘lanishi kerak bo‘lgan qat’iy soliqqa ega. Hozirgi kunda my.gov.uz veb-sayti orqali hech qanday qiyinchiliksiz, oddiy va qulay shaklda ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Marketing. Biz asosiy reklama vositasi sifatida Instagramdagi sahifamizni yuritamiz. Sababi, gullarning suratlari va videoari namoyishi odamlarni tezroq jalb qilmoqda. Ayniqsa, guldastalarni tayyorlash jarayonlari, uar haqida qiziqarli faktlarga asoslangan videolar yangi mijozlar topishga sababchi bo‘lmoqda. Shuningdek, Telegramda ham guldastalari turi va narxlarini berib boramiz.
Bizdan gul xarid qilgan mijozlarimiz do‘konimizning doimiy mehmonlari bo‘lib qolishgan. Ular bizni do‘stlari va tanishlariga tavsiya qiladilar va ijtimoiy tarmoqlarda emotsiyalarini qoldiradilar. Shu tariqa ham, tobora ko‘proq odamlar biz haqimizda bilishadi, bizni tanlaydilar va rivojlanishimizga yordam berishadi.
Biznesdagi xavfli holatlar. Har qanday biznesda bo‘lgani kabi gul do‘koni ochish va yuritishda ham bir qancha tavakkallarni inobatga olish kerak.
Masalan, moliyaviy jihatdan naqd pul va aylanma mablag‘ yetishmasligi, ijara narxining oshishi, mahsulot yetkazib beruvchilar bilan muammolar, xodimlar tomonidan keladigan zararlar, bozorda esa mavsumiylik va kuchli raqobatning yuzaga kelishini inobatga olish lozim.
Gullar savdosidagi daromad har doim ham xarajatlarga mos kelmaydi. Premium brendlar xizmat ko‘rsatish, florist xizmatlari va dizayner guldastalaridan daromad topishlari mumkin, ammo ommaviy-segmentli do‘konlar odatda uyga yoki tadbirlar uchun tayyorlanadigan mahsulotlar savdo hajmiga tayanadi.