Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga kelib, “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Mazkur zavod shu yil yanvarda davlat rahbarining Xitoyga tashrifi chog‘ida faoliyat boshlagan edi.
Bu qiymati $160 mlnlik loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Buning uchun qo‘shma korxona zamonaviy sanoat infratuzilmasi bilan ta’minlandi. Qariyb 2 kilometr temir yo‘l tortildi.
Ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlash uchun butlovchi qismlar ombori, 1200ta konteyner sig‘imiga ega logistika markazi qurildi.
Zavodga Xitoydan robotlashtirilgan tizimlar va uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilgan. Elektromobilning geometrik o‘lchamlarini yuqori aniqlikda tekshiruvchi laboratoriya tashkil qilingan.
Hozirda bu yerda “Chazor” va “Song Plus Champion” modellari ishlab chiqarilmoqda. Shavkat Mirziyoyev konveyerdan chiqqan ilk elektromobilga imzo qo‘ydi.
Kelgusi yillarda zavodda modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, $500 mlnlik uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Elektromobillar soni ortishi bilan mahalliylashtirish darajasi ham bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Dastlab, bamper, oyna, lak-buyoq, plastik qismlarni o‘zimizda tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Keyinchalik akkumulator, elektr dvigatel, alyuminiy qismlar, shinalar, o‘rindiqlar ishlab chiqarishga o‘tiladi.
Malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-muhandislik tadqiqotlarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi (R&D) tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Kelgusida kompaniya o‘z mahsulotlarini Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga olib chiqishni maqsad qilgan.
Bugungi kunda korxonada 1200 kishi ishlaydi. O‘tgan yili 200 nafar xodim “UzAuto Motors” zavodlarida malaka oshirgan.
Bu yil yana 92 nafar mutaxassis Xitoyning Sian va Chansha shaharlarida sifat nazorati, texnologiya, ta’minot, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda malaka oshiradi. Barcha uch bosqich joriy etilgach, ish o‘rinlari 10 mingtaga yetadi.
Avvalroq “BYD” avtomobil zavodini iyun oyida ishga tushirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.
Birinchi bosqichda mayda uzelli yig‘ish yordamida “Chazor"va “Song Plus Dm-1” modellari ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi.
2023-yilning sentabrida “BYD” va “O‘zavtosanoat” “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasini tashkil etishga kelishdi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan investitsiya bitimi imzolandi.
Birinchi bosqichda Jizzaxdagi zavod quvvati yiliga 50 ming donaga yetkaziladi, uchinchi bosqich yakunlanishi bilan esa bu 300 ming dona avtomobilni tashkil etadi.
Prezident mart oyida “BYD” elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yiliga 500 mingtaga, mahalliylashtirish darajasini esa 60%ga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi.
Hukumat “BYD” elektromobillarini O‘zbekistonga olib kirishni cheklashi mumkin. Xitoy kompaniyasi avtomobillarning “tartibsiz” importini kamaytirishni so‘radi.
Avvalroq ADM Jizzax 2026-yildan gibrid va elektromobil ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.