Xitoy kompaniyasi Farg‘onada vodiy viloyatlariga xizmat ko‘rsatuvchi chiqindini qayta ishlash majmuasini qurmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “China Tianying” kompaniyasi direktori Van Kun boshchiligidagi kompaniya vakillarini va mahalliy hamkorlarini qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘onada vodiy viloyatlariga xizmat ko‘rsatuvchi yirik chiqindini qayta ishlash majmuasi barpo etish loyihasi muhokama qilindi.
Majmuani kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan ekologik toza texnologiyalar asosida barpo etish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, $600 mln atrofida bo‘lishi belgilangan.
Farg‘ona viloyatida kunlik yig‘iladigan 3 ming tonnadan ziyod chiqindini hamda qo‘shni viloyatdagi chiqindilarni qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi, o‘g‘it hamda qurilish bloklari ishlab chiqariladi.
Uchrashuvda loyihani amalga oshirish uchun tegishli vazirliklar mutasaddilari ishtirokida ishchi guruh tashkil etishga hamda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga, mavjud chiqindilarning morfologik tarkibi tahlilini amalga oshirishga kelishildi.
Shuningdek, mazkur jarayondan so‘ng ishlab chiqariladigan energiyani sotib olish narxi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi belgilandi.
Yaqin kunlarda viloyat hokimligi hamda “China Tianying” kompaniyasi o‘rtasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolanadi.
Avvalroq Xitoyning “China CAMC Engineering” kompaniyasi ham O‘zbekistonda birinchi chiqindilarni yoqish zavodini qurishi ma’lum qilingandi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreya O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashga qariyb $7 mln sarmoya kiritadi. Mablag‘lar evaziga beshta yangi chiqindi poligoni, Jizzaxda poligon gazini yig‘ish tizimi va tibbiy chiqindilarni yo‘q qilish obyekti quriladi.