Xitoyning “BYD” avtomobilsozlik kompaniyasi “Yangi avlod” maxsus industrial zonasida elektrobuslar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Toshkent hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
26-iyun kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov Xitoyning Tyansin shahri, Dunlin tumani gubernatori o‘rinbosari Li Kuanli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Yangihayot tumanidagi maydoni 750 gektardan ortiq bo‘lgan “Yangi avlod” sanoat zonasi hududida BYD, JAC, Bosheng zavodlarini ishga tushirish belgilangan.
“Tashkent Invest” kompaniyasi raisining raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurko “CAEx Real Estate” ko‘rgazmasida BYD kompaniyasining elektrobuslar ishlab chiqarish rejalari haqida so‘zlab berdi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, “muzokaralar faol bosqichda”.
Shuningdek, “Dubai Port World” global port operatori tomonidan Yangihayot tumanida logistika markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Qurilish materiallari, elektr jihozlari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha ham klasterlar tashkil etiladi.
Sanoat zonasi xalqaro magistral temir yo‘l va avtomobil yo‘liga yaqin joylashganligi uchun ham bozorning yirik ishtirokchilarini o‘ziga jalb qiladi.
Uchrashuvda Xitoy tomoni ishtirokchilari oziq-ovqat mahsulotlarini, tibbiy asbob-uskunalar va testerlarni ishlab chiqarish, ko‘chatzorlar yaratish, biokimyo, yengil sanoat va boshqa sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Jizzax viloyatiga tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev “BYD” kompaniyasi prezidenti Van Chuanfuni qabul qildi. Unda butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, mahsulot tannarxini kamaytirish hamda avtomobillarni Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga eksport qilish loyihalariga e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, kompaniyaning mamlakatda “yashil” transportni rivojlantirish loyihasida ishtirok etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Bu qo‘shma innovatsion tadqiqot markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, elektr transporti uchun texnik reglament va standartlarni ishlab chiqish hamda “Blade” avlodiga mansub batareyalar va “BYD” elektrobuslarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi prezidentning mart oyidagi tegishli qarori bilan tashkil etilgan. Faoliyat muddati 30 yilni tashkil etuvchi hududda 2025-yil yakunigacha $1,5 mlrd miqdorigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari o‘zlashtiriladi.
Avvalroq YTTB Samarqand va Namanganga elektrobus xarid qilish loyihalarini moliyalashtirishi haqida xabar berilgandi. Mazkur loyihalarni uzoq muddatli moliyalashtirish bo‘yicha bank bilan mandat xatlari imzolandi.