Ijtimoiy tarmoqlarda “may oyida elektr energiyasini ishlab chiqarish va tabiiy gaz qazib chiqarish kamaydi” mazmunida xabarlar e’lon qilingandi. Energetika vazirligi bu bo‘yicha munosabat bildirdi.
2024-yilning may oyida mamlakatda 6,1 mlrd kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 337,9 mln kVt•soat (5,8%)ga ko‘pdir.
Iste’molchilarga 5 mlrd kVt•soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu esa 2023-yilning shu davridagiga nisbatan 297,1 mln kVt•soat (5,7%) kam.
Iqtisodiyot tarmoqlariga — 3,7 mlrd kVt•soat (92,2 mln kVt•soat ko‘p), aholi iste’molchilariga — 1,2 mlrd kVt•soat (393,7 mln kVt•soat kam) elektr yetkazib berilgan.
Qolgan elektr energiyasi stansiyalarning o‘z ehtiyojlari va ishlab chiqarishdagi ehtiyoj hamda elektr energiyasini uzatishdagi sarf uchun ishlatilgan.
Elektrning kam yetkazib berilishiga asosiy sabab, vazirlikning qayd etishicha, may oyidagi tariflar o‘zgarishi fonida aholi iste’molchilari elektrdan tejamkorlik bilan foydalanishi bo‘lgan. Sanoat korxonalari esa prognozga nisbatan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi iste’mol qilgan.
Xususan, ortiqcha ishlab chiqarilgan mazkur elektr energiyasi qo‘shni davlatlarga eksport qilindi.
Bundan tashqari, mamlakatda 8ta quyosh fotoelektr va bitta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Ular kunduz kuni 2 ming MVt (umumiy ishlab chiqarishning 20%i)gacha “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Buning yordamida import hajmi keskin kamaydi.
“Shu bois, aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Aksincha, bundan buyon mamlakatimizda „yashil“ elektr stansiyasilar quvvati oshirib borilaveradi va elektr energiyasi iste’molga (talabga) nisbatan ko‘proq ishlab chiqarilishiga erishiladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, may oyida 3 554,8 mln kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 41 mln kub metr kamdir.
Bunda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari kamayishi Qandim gazni qayta ishlash zavodi va “Jarquduq” gazni kompleks tayyorlash qurilmasida rejaviy ta’mirlash ishlari va boshqa texnologik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan.
“Spot” tariflarning oshirilish sabablari, energiya tizimidagi kamchiliklar va maishiy iste’molchilarni resurslar bilan ishonchli ta’minlash borasidagi zarur islohotlar haqida iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatlashgandi.
Avvalroq Energetika vaziri narxlar oshirilishining asosiy omili sifatida gaz va mazut importi inobatga olinganini qayd etgandi.