O‘zbekiston-Koreya IT-biznes alyansi tashkil etildi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
25-iyun kuni Koreyada “IT Park Uzbekistan” va Koreya xalqaro sanoat hamkorlik instituti (KIIIC) o‘rtasida O‘zbekiston-Koreya IT-biznes alyansini tuzish va bu orqali ikki mamlakat texnologik tarmoqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi o‘tkazildi.
Unda so‘zga chiqqan “KIII” raisi Chon Ok-Rae bu ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonda Koreya texnologik kompaniyalari ishtirokini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.
Kelishuv asosida O‘zbekistonning Koreya bozoriga IT-xizmatlar eksportini oshirish, kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish va O‘zbekistonni yangi autsorsing yo‘nalishi sifatida ilgari surish maqsadida har ikki tomonda ham hamkor IT-vakolatxonalar ochiladi.
Shuningdek, mazkur ittifoq orqali Koreya bozorida o‘z loyihalari va xizmatlarini targ‘ib qilishga qiziqqan O‘zbek kompaniyalariga amaliy yordam ko‘rsatiladi.
“Seul Digital Foundation” va “Miso Information Technology” IT-biznes alyansining birinchi ishtirokchi kompaniyalari bo‘ldi.
O‘zbekiston-Koreya IT-biznes alyansining tashkil etilishi xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, IT-sektorini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, xalqaro munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston biznes landshaftiga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi boshqa xorijiy investorlar uchun namuna bo‘lib, O‘zbekistonning jozibador va istiqbolli biznes platforma sifatidagi obro‘sini oshiradi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorlikda yuqori texnologiyali xab yaratmoqchi. Elektron klaster tashkil etish, kimyo sanoati, mashinasozlik, ta’lim va tibbiyot sohalarida hamkorlik yanada rivojlantiriladi.
Avvalroq mamlakatning BNK kompaniyasi Toshkentda mikromoliya firmasini ochgani haqida xabar berilgandi. Uning xizmat turlariga Koreyaga ishlash uchun ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga mablag‘ ajratish ham kiradi.