O‘zbekistonda kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha birinchi shtab ish boshladi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
26-iyun kuni “O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi muhandislik bo‘limi rahbarlarining rasmiy uchrashuvi doirasida kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) maydonida qurilish bo‘yicha birinchi shtab tashkil etildi.
Delegatsiya kuz oyida 6 blokli AES uchun infratuzilma obyektlari yaratilishi rejalashtirilayotgan maydonni ko‘zdan kechirdi.
Shtab maydonida belgilangan vaqtda qurilish ishlarini boshlash, xususan, barcha infratuzilma bilan ta’minlangan quruvchilar shaxarchasini barpo etishga kirishish borasida kelishuvni amalga oshirish yuzasidan dastlabki masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, “O‘zatom” agentligi rahbari ishtirokida AES qurilishi bo‘yicha shartnoma kuchga kirishi to‘g‘risidagi bayonnoma imzolangandi.
O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasining (KQAES) birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallangan.
Kichik AES qurilishi buyurtmachisi “O‘zatom” tuzilmasi tarkibiga kiruvchi “Atom elektr stansiyalari qurilishi direksiyasi” davlat korxonasi hisoblanadi.
Loyiha Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan Tuzkon ko‘li yaqinidagi avval tasdiqlangan maydonda amalga oshiriladi.
Kichik atom elektr stansiyasini qurish
27-may kuni “O‘zatom” va “Rosatom” O‘zbekistonda kam quvvatli AESlarni qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM — 200N bosimli suv reaktoriga asoslangan bo‘lib, u quruqlikda joylashtirish uchun kema texnologiyasini moslashtirish natijasidir. RITM — 200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekistonda 2050-yilga borib energiya resurslariga bo‘lgan talabning ikki baravar oshishini qoplash uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishdan tashqari, yadroviy quvvatlarni yaratish zarurligini ta’kidladi.
Kichik AESning xavfsizligi ko‘p darajali tizimlar va qobiqli to‘siqlar orqali amalga oshiriladi. Faol va passiv xavfsizlik tizimlarining kombinatsiyasi avariya ehtimolining oldini olgan holda zavod xavfsizligining yuqori darajasiga erishishga imkon beradi. Stansiya loyihasiga o‘rnatilgan bir necha darajadagi to‘siqlar radioaktiv moddalarning atrof-muhitga tarqalishini oldini oladi.
“Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, — dedi Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida.
Kam quvvatli AESlarning afzalliklari orasida ixchamligi tufayli yirik atom elektr stansiyalariga nisbatan qurilish muddati qisqaroq hisoblanadi.
Avvalroq Energetika vazirligi elektr energiyasini yetkazib berishning kamayishiga oid xabarlarga izoh berib, bunga tariflar oshirilishi fonida aholining elektrdan tejamkorlik bilan foydalanishi sabab bo‘lganini qayd etgandi.