Toshkent viloyatining Angren shahrida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi chiqindi yig‘ish shoxobchasi ishga tushirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shoxobcha “Nurchi” MFYda joylashgan “Zero Waste” davlat xususiy sheriklik asosidagi sanitar tozalash korxonasi tomonidan qurilgan.
Bu orqali mamlakatda ilk bor aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish tajribasi yo‘lga qo‘yildi.
Shoxobcha qurilishida, asosan, chiqindiga aylangan, yuk tashishga mo‘ljallangan konteyner, shisha idish kabi foydalanishdan chiqarilgan xomashyolardan foydalanilgan.
Chiqindi yig‘ish maydonchasini elektr bilan ta’minlash uchun quyosh panellari o‘rnatilgan. Shoxobchada ishchi-xizmatchi yashashi va ishlashi uchun sharoitlar yaratilgan.
Yil boshida prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan tegishli farmoni qabul qilingandi. Hujjat bilan beshta shahar va bitta tumanda maishiy chiqindilarni saralash yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Xususan, qattiq maishiy chiqindilarni saralash 2024−2026-yillarda birinchi bosqichda dastur Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanini qamrab oladi va ko‘p qavatli uylarning chiqindi yig‘ish maydonlarida tashkil etiladi.
Chiqindilar qayta ishlanadigan, qayta ishlanmaydigan va oziq-ovqat chiqindilariga bo‘linadi. 1-iyulgacha sanitariya tozalash korxonalariga QR-kodli — shaffof, qora va jigarrang rangli maxsus chiqindi qoplarini fuqarolarga bepul tarqatishni tashkil etish topshirildi.
Chiqindilarni yig‘ish joylarida qayta ishlanadigan chiqindilar sotib olinadi. Bularga quyidagilar kiradi:
- plastik chiqindilar (PET, HDPE, LDPE, PVX, PP va boshqalar);
- qog‘oz chiqindilari;
- qora va rangli metallar chiqindilari, metallolomlar;
- shisha buyumlar va chiqindilar;
- to‘qimachilik chiqindilari;
- rezina va kauchuk mahsulotlarning chiqindilari (shinalar, ichki quvurlar, konveyer bantlari).
Avvalroq Xitoy kompaniyasi Farg‘onada chiqindini qayta ishlash majmuasini qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Loyiha qiymati $600 mlnni tashkil etishi kutilmoqda hamda uning doirasida vodiy viloyatlaridagi chiqindilarni qayta ishlash hisobiga elektr, o‘g‘it hamda qurilish bloklari ishlab chiqariladi.