Savdo-sanoat palatasi bir qator tarmoqlarda tadbirkorlar uchun navbatdagi davra suhbati o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Tadbir avgust oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilmoqda.

Unda ishtirok etishga moliyaviy, yuridik, konsalting firmalari, shuningdek, IT va telekommunikatsiya sohalaridagi kompaniyalar taklif etiladi.

Yig‘ilishda hukumat ishchi guruhi a’zolari, mas’ul vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etadi. Tadbirkorlar o‘z sohalaridagi muammolar to‘g‘risida xabar berishlari mumkin, shunda tomonlar birgalikda ularni hal qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi.

Davra suhbati 29-iyun kuni “International Hotel Tashkent” majmuasida bo‘lib o‘tadi, boshlanish vaqti — soat 10:00. Ishtirok etish uchun Savdo-sanoat palatasining (+998) 78 150−60−06 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda ochiq muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tayyorgarlik doirasida korxonalar muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha hududiy guruhlar, shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha yanada chuqurroq tahlil qilish uchun ekspert guruhlari tuzilmoqda.


Avvalroq “Spot” tadbirkorlar murojaatlarini qabul qiluvchi shtab faoliyatini boshlagani haqida yozgandi.

Biznes egalari o‘zlari duch kelayotgan muammolar va takliflarni 24/7 rejimida 1094 va 1100 qisqa raqami orqali yo‘llashi mumkin.