“Yandex Go” xizmati Urganch va Xivada ish boshladi. Bu haqda kompaniya matbout xizmati “Spot"ga xabar bermoqda.
Foydalanuvchilar boradigan manzilini kiritish va tegishli tarifni tanlash orqali mobil ilova orqali osongina taksi bron qilishlari mumkin.
Ilovada avtomobilning yetib kelish vaqti, haydovchi va avtomobil modeli haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan.
“Boy madaniy merosga ega, sayyohlar oqimi ko‘p bo‘lgan Xiva shahrida tarixiy joylarni ko‘rish istagida bo‘lganlar uchun mazkur xizmat orqali sayohatlar qulay bo‘ladi. Muhim transport markazi bo‘lgan va aeroport joylashgan Urganchda Yandex Go sizga shahar bo‘ylab qulay va tez harakatlanish imkonini beradi. Bundan tashqari, xizmatning ishga tushirilishi transport infratuzilmasini yaxshilaydi va mintaqaning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deydi “Yandex Taxi"ning MDH mamlakatlarida rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov.
Yo‘lovchilar sayohatlar uchun naqd pulda yoki ilovaga bog‘langan karta yordamida to‘lashi mumkin. Xiva va Urganchga sayohatning minimal narxi 2500 so‘mdan boshlanadi.
“Yandex Go” O‘zbekistonda 2018-yil aprel oyida ishga tushirilgan. Xizmat Toshkent, Termiz, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro, Marg‘ilon, Nukus va Qarshida faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq “Yandex Go” elektromobillar uchun alohida tarifni ishga tushirgandi. Haydovchilar yo‘lovchilar bilan muloqot qilish hamda xavfsizlik qoidalari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishgan.