Har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinadi. Bu haqda 28-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Mazkur sanoat parklariga “IT Park” rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. Shu bilan birga, ular oliygohlar va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi.
Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi. Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi bu yerdagi yoshlarning startaplariga uch yilga 100 mln so‘mgacha ssuda beradi.
Ushbu yosh tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish va aylanma uchun keyinchalik 100 mln so‘m imtiyozli kredit beriladi. “Kreativ sanoat parklari"ni rivojlantirish uchun bu yilni o‘zida $10 mln yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 2−4 oktabr kunlari Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha To‘rtinchi butunjahon anjumani o‘tkaziladi. Tadbirgacha kreativ industriyani rivojlantirish bo‘yicha qonun qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda, dastlabki 6 oyda yoshlarga ijara haqi va soliqdan imtiyoz beriladi.
Bu yil 60 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Endilikda har bir viloyatda 2tadan tumanda Yoshlar kooperatsiyasi tashkil qilinadi, ularga kerakli texnika, uskunalar va urug‘lik yetkazib beriladi.
Tadbirkorlar ham yoshlar uchun bunday loyiha qilaman desa, jamg‘arma ularning kredit foizini qisman qoplab beradi. Mazkur maqsadlarga $10 mln ajratiladi.
Shuningdek, dehqonchilikni yangidan boshlagan 150 ming nafar yoshlarga tajribali fermerlar va usta dehqonlar biriktirilib, serdaromad va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga o‘rgatiladi.
Avvalroq O‘zbekistonning 14ta hududida to‘rtinchi sanoat kasblariga o‘qitish markazi ochilishi xabar berilgandi. Yoshlarning eng yaxshi 500ta loyihasi biznes paket qilinib, tayyor biznesga aylantiriladi va barcha jarayonlarda ularga ko‘maklashiladi.