Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB) bilan vositachilik orqali islom moliyasi 2028-yilgacha Markaziy Osiyo mamlakatlariga yangi investitsiyalar va qo‘shimcha $2 mlrd olib keladi. Bu haqda bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ruslan Dalenovga tayanib, “TASS” nashri ma’lum qildi.
“Islomiy moliya Markaziy Osiyo mamlakatlariga yangi sarmoyalar, moliya tizimini mustahkamlash, ichki moliyaviy resurslarni safarbar qilish, moliyaviy mahsulotlarni diversifikatsiyalash aholi talabini qondirish va 2028-yilgacha YTB vositachiligida qo‘shimcha $2 mlrd olib kelishi mumkin”, — dedi Dalenov.
Uning qayd etishicha, islomiy moliya uchun bankning yigirma yillik tajribasi, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ofislari, keng mijozlar bazasi va an’anaviy bank faoliyatini islom bankingi bilan birlashtirish imkonini beruvchi omillar mavjud.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Yevroosiyo taraqqiyot banki Islom taraqqiyot banki ko‘magida ichki hujjatlarni ishlab chiqadi va tartiblarni yo‘lga qo‘yadi, 2025-yilda esa to‘liq formatda “Islom oynasi"ni ishga tushiradi.
Dalenovning aniqlik kiritishicha, birinchi navbatda tajriba orttirish va yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni boshlash hamda Markaziy Osiyoda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish imkonini beradigan tajriba loyihalari ishga tushiriladi.
“YTB mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yangi investitsiyalarni jalb qilish va yangi vositalarni taklif etish orqali mintaqada islom moliyasining faol targ‘ibotchisi bo‘lishga intiladi”, — deya xulosa qildi u.
O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov regulyatorga islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmaganini, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha qaror loyihasi hukumatga kiritilganini qayd etgandi. Islomiy moliya bo‘yicha qumdon tashkil qilinib, bu boradagi ishlarni boshlash kutilmoqda.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev esa joriy yil oxirigacha islom moliyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlamentga muhokamaga kiritilishini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda islom moliyasini tashkil etish harakatlari
2018-yilda “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.
Mutaxassislarning fikricha, islom bankingining joriy etilishi orqali mamlakatga $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi. Islomiy moliyani joriy etishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy to‘siqlardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamdsa fiskal to‘siqlar keltirilgan.
Bundan tashqari, islomiy moliyaning tez joriy etilishiga aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham to‘sqinlik qilmoqda.
2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2024-yilgacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish topshirildi.
“Spot” Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan suhbatlashgandi.
Unda islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda mazkur tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida so‘z boradi.