Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi hamda yoshlar bilan muloqot o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda bugungi kunda IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar — frilanserlar soni 50 mingdan oshgani ma’lum qilindi.
Bunday yoshlar yiliga $50 ming, $100 ming, hatto $200 minggacha eksport qilmoqda. Biroq, mamlakatda ularni birlashtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qo‘shilgan qiymat yaratib, uni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish zarurligi ta’kidlandi.
Endilikda IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga “IT Park” rezidenti maqomi beriladi.
Bundan tashqari, mazkur yoshlar 3 yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi. “IT Park” tomonidan IT-kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi.
Shuningdek, yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.
May oyi oxirida “IT Park” rezidentlari uchun minimal eksport talablari belgilangandi. Joriy yilning 1-oktabridan eksport yirik rezidentlar umumiy daromadining kamida 10%ini tashkil etishi zarur. Bu miqdor bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Texnopark 101ta kompaniyani rezident maqomidan mahrum qildi. Bunga ularning o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi sabab bo‘lgan.
“IT Park” rezidentlarining yagona reyestriga ko‘ra, ayni paytda bu maqomga ega 2187ta kompaniya mavjud.